12:53 / 14.05.2019
6383

Humo International kartalari orqali dunyoning 70 milliondan ortiq nuqtalarida to‘lovlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yilmoqda

Toshkentda 13 may kuni Milliy banklararo protsessing markazi (MBPM) va Mastercard xalqaro to‘lov tizimi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Imzolangan memorandum naqd pulsiz to‘lovlarini rivojlantirish borasida ikkita asosiy yo‘nalishda ish olib borishni ko‘zda tutadi.

Birinchisi – HUMO International premial kartalarini chiqarish. Imzolash natijasida HUMO International yangi kartalarini qabul qilish butun dunyo bo‘yicha 70 milliondan ortiq nuqtalarda amalga oshirilishi mumkin.

MBPM direktori Shuhrat Qurbonovning ta'kidlashicha, HUMO International kartalari egalari Mastercard tarmog‘idagi xaridlar, ya'ni mehmonxonalarda nomerlarni bron qilish, internet orqali chiptalarni xarid qilish va boshqa onlayn tranzaksiyalarni amalga oshirishni to‘lay oladilar. HUMO International kartalaridan foydalanish imkoni nafaqat xorijda, balki O‘zbekistonda ham mavjud bo‘ladi.

Ikkinchi yo‘nalish – bu ommaviy transportdagi yo‘l haqi to‘lovini naqd pulsiz tarzda amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish. MBPM va Mastercard metroda yo‘l haqini to‘lashda HUMO va Mastercard kartalarini qabul qilish bo‘yicha Toshkent metropoliteni bilan birgalikda tajriba loyihasini ishga tushirish kelishuviga erishildi. Loyihani hayotga to‘laqonli tatbiq etish jarayoni bir necha oyni talab etadi, ammo uning tajribaviy ishga tushirilishi yaqin vaqt ichida boshlanadi.

«Mastercard jamoat transportida yo‘l haqini to‘lash tizimini joriy etish loyihasida ishtirok etish tashabbusi bilan chiqdi. Tajriba loyihasi metroda yo‘l haqi uchun to‘lov tizimini soddalashtirishga qaratilgan. Kontaksiz to‘lovlardan tashqari avtomatlashtirish va to‘lovlar va qatnovlar bo‘yicha to‘liq axborotni olish imkoni tizimning yana bir afzalligi hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, samarali boshqaruvni amalga oshirish va metropoliten foydalanuvchilari uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish imkonini beradi», – deya ta'kidladi Sh.Qurbonov.

«Milliy banklararo protsessing markazi bilan Mastercard hamkorligining yanada rivojlanib borishiga ishonamiz. Shunday ekan, biz O‘zbekistonda ilg‘or to‘lov yechimlarining paydo bo‘lishi uchun sa'y-harakatlarimizni ayamaymiz. Biz HUMO to‘lov tizimi bilan hamkorlikka, eng avvalo - transport yechimlarini ishga tushirish bo‘yicha tashabbuslarga bundan keyin ham jiddiy e'tibor qaratamiz. Buni Toshkent shahar metropoliteni bilan birgalikdagi tajriba loyihamiz ham tasdiqlab turibdi.

Jamoat transportida yo‘l haqini tez, oson va xavfsiz to‘lash imkoniyati zamonaviy megapolislar aholisiga zarur, va Toshkentdagi loyihamiz shahar aholisi va mehmonlarini naqd pulsiz to‘lovlaridan yanada ko‘proq foydalanishlariga chorlaydi, deb umid qilib qolamiz», – deya qo‘shimcha qildi Gruziya va Markaziy Osiyodagi Mastercard bosh direktori Igor Stepanov.

Firibgarliklardan himoya qilish uchun yangi yuqori texnologik mahsulotlar va yechimlarni taqdim etish yo‘li bilan to‘lov bozorining barcha qatnashchilari uchun xavfsizlikni kuchaytirish hamkorlikning muhim jihatlaridan biri bo‘lib qoladi.

Mavzuga oid
Top