20:40 / 14.05.2019
35890

O‘quvchidan maktab ta'miri uchun pul talab qilingach, sumkasi olib qo‘yildi 

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida 1-sinf o‘quvchisi M.A.ning (o‘quvchining voyaga yetmagani tufayli ismi oshkor etilmaydi - tahr.) sumkasi maktabdagi ta'mir ishlariga 38 ming so‘m talab qilingani vaji bilan olib qo‘yildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

O‘quvchining momosi Iqboloy Qodirovaning aytishicha, 1-sinfda o‘qiyotgan nabirasi sumkasi olib qo‘yilgani uchun o‘zini yomon his etgan. 

«Men endi maktabga qanday boraman? Sumkamni olib qo‘yishdi-ku, qaytarib berishsin, deya rosa yig‘ladi. Shu kayfiyatda bolaning ta'lim olishga qiziqishi qoladimi? 38 ming talab qilibdi, boshqa sinflarda ham pul yig‘ish davom etmoqda. Men uchun maktab ham masjid kabi ulug‘ joy, tumandagi ilg‘or fermerlardan biri bo‘lib, sinfxonani homiylik asosida ta'mir qilib berishga ham tayyorman. Lekin nega bolaning ko‘nglini og‘ritib, bunday xo‘rlaydi? », —  deydi o‘quvchining momosi. 

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan tumandagi 1-maktab direktori Dilbar Xazratqulova ayni shu masalada, o‘quvchilarning ota-onalari ishtirokida, o‘qituvchilar bilan yig‘ilishga shoshayotganini ma'lum qildi. 

«Ota-onalar ishtirokida 28 aprel kuni o‘tkazilgan umumyig‘ilishda ularga ixtiyoriy homiylik asosida xayriya qilishi taklif qilingan. Ammo aniq summa va majburiy pul yig‘imi haqida gap aytilmagan. Ayni vaziyatiga oydinlik kiritib, aniq ma'lumot taqdim etaman», — deydi direktor Xazratqulova.  

Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 28 apreldagi 135-sonli buyrug‘iga ko‘ra, ta'lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va ularning ota-onalaridan pul mablag‘larini yig‘ish QAT'IYaN TAQIQLANADI. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2012 yil 3 iyulda 2377-son bilan ro‘yxatga olingan Xalq ta'limi muassasasining Vasiylik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga muvofiq ota-onalar ixtiyoriy ravishda vasiylik kengashi qarori bilan ta'lim muassasasining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, uning binosini ta'mirlash va hududini obodonlashtirishga ko‘maklashishlari mumkin, deb belgilangan. Homiylik yordami faqatgina ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi mumkin

Top