10:42 / 15.05.2019
19515

IIBB haydovchilarni orqaga harakatlanishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

Foto: Shutterstock

2019 yilning 1 yanvar kunidan 13 maygacha haydovchilar avtomobilda orqaga harakatlanish vaqtlarida piyodalarni urib yuborib, ularga tan shikastlari yetishiga sabab bo‘lganliklari bilan bog‘liq 18 ta yo‘l-transport hodisalari Toshkent shahar YHXB xodimlari tomonidan qayd etildi.

Toshkent shahar IIBBning barcha haydovchilarga eslatishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24.12.2015 yildagi 370-son Qarori bilan belgilangan Yo‘l harakati qoidalarining 63 bandiga muvofiq: transport vositasining orqaga harakatlanishida haydovchi harakat xavfsizligini ta'minlashi va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga xalal bermasligi shart. Zarur bo‘lganda haydovchi boshqa shaxslardan yordam so‘rashi kerak.

“Hurmatli haydovchilar! Orqaga harakatlanishdan oldin avtomobilingiz orqasida hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qiling. Yodingizda bo‘lsin, oynaga qarash yoki boshni orqaga burishning o‘zi yetarli bo‘lmasligi mumkin: yosh bola yoki o‘tirib olgan yoshi katta shaxs «ko‘r» hududda bo‘lishlari mumkin. Shuningdek shuni inobatga olish zarurki, orqaga qaraganingizdan bir soniyadan keyin piyoda o‘tib qolishi mumkin.

O‘zingiz va atrofdagilarni salomatliklarini asrang! Shuningdek o‘zingiz va yaqinlaringizni sud tortishuvlari, moddiy xarajat va ortiqcha asabiylashishdan asrang. Chunki bu kabi holatlarda haydovchilar hattoki jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkin. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasiga muvofiq transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, u eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Agar o‘sha qilmish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum qilib, o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”, - deyiladi IIBB xabarida.

Top