13:40 / 17.05.2019
32799

Shavkat Mirziyoyev eski uylarda yashayotgan odamlarga munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriq berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Andijon shahridagi eski mahallaga kirib, odamlarning turmush sharoitlarini ko‘zdan kechirdi.

«Shahar markazida joylashgan bu mahallada uylar ichma-ich, tartibsiz qurib tashlangan. Muhandislik tarmoqlari yo‘qligi sabab devorlar nurab, sanitariya holati yomonlashib qolgan edi.

Davlatimiz rahbari bu ahvol bilan bevosita tanishib, odamlar bilan suhbatlashdi. Bunday sharoit xalqimizga yarashmasligini, mahalla aholisi yangi qurilayotgan zamonaviy uylarga ko‘chirilib, munosib sharoitlar bilan ta'minlanishini ta'kidladi. 

Odamlar xalqning dardini his qilgani, turmush sharoitlarini yaxshilashga e'tibori va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shu yerda Andijon shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bunyodkorlik ishlari muhokama qilindi. Jumladan, mazkur eski mahalla hududida 9 qavatli 70ta ta turar joy barpo etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Davlat rahbariga «Andijan sity» ishbilarmonlik shaharchasi qurilish loyihasi haqida ham ma'lumot berildi. Qariyb 70 gektar maydonda bunyod etilishi mo‘ljallangan ushbu shaharcha besh yulduzli mehmonxona, kongress holl, ofislar, sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar joylar, restoranlar, 7, 9 va 12 qavatli turar joylardan iborat bo‘ladi.

Prezident bu shaharcha uzoqni o‘ylab, kompleks yondashuv asosida qurilishi, u Andijon uchun namuna, andoza bo‘lishi kerakligini ta'kidladi. Shu bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.

Top