20:36 / 20.05.2019
5181

I chorakda aholi tomonidan banklarga 612 mln dollar sotildi

2019 yilning I choragida xorijiy valutaga yalpi talab 2,7 mlrd dollarni tashkil qildi. Ushbu ko‘rsatkich 2018 yilning shu davriga nisbatan 30,4 foiz o‘sgan. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki matbuot xizmati ma'lum qildi.  

Markaziy bank dokladiga ko‘ra, ko‘rilayotgan davrda Markaziy bankning 914 mln dollar miqdoridagi intervensiyalar hajmi valuta bozori talabining 33,9 foizini qopladi va xarid qilingan monetar oltin hajmiga (925 mln dollar) mos bo‘lgan. 

I  chorakda transchegaraviy o‘tkazmalar hajmi 1,1 mlrd dollarni tashkil qilgan (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,1 foizlik o‘sish). Aholi tomonidan sotilgan xorijiy valuta hajmi 45,6 foizga o‘sib, 612 mln dollarni tashkil qilgan. 

Aholi tomonidan tijorat banklaridan sotib olingan xorijiy valuta hajmi 255 mln dollarni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, I chorakda valutaning real samarali ayirboshlash kursi 2017 yil sentyabriga nisbatan 25,6 foizga oshgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu davr ichida real samarali ayirboshlash kursi qisqarish tendensiyasiga ega bo‘lgan. Natijada mart oxiriga kelib real samarali ayirboshlash kursi o‘zining barqaror holatini tiklagan.

“Bu bir vaqtning o‘zida yillik inflatsiya darajasining pasayishi, so‘mning nominal ayirboshlash kursi o‘zgarishining barqaror tendensiyasi hamda ishlab chiqarish samaradorligining o‘zgarishi bilan shartlangan”, deyilgan Markaziy bank xabarida.

Bankda istiqbolda qat'iy pul-kredit sharoitlari kursdagi tafovutning kamayishiga va real samarali ayirboshlash kursining o‘zining barqaror qiymatlari atrofida shakllanishiga turtki bo‘lishi ta'kidlab o‘tilgan.

Top