12:53 / 21.05.2019
17066

AQSh Huawei’ga vaqtinchalik yengillik berdi, Huawei asoschisi kompaniya qudrati haqida ma'lum qildi

Foto: REUTERS/Tyrone Siu

AQSh Savdo vazirligi Xitoyning Huawei kompaniyasiga mavjud tarmoqlarni saqlab qolish va amaldagi mijozlarga dasturiy ta'minot yangilanishlarini taqdim etish imkonini beradigan vaqtinchalik umumiy ruxsat to‘g‘risidagi ma'lumotni e'lon qildi.

Vaqtinchalik ruxsatnoma 19 avgustga qadar amal qiladi.
 
AQSh savdo vaziri Uilbur Rossning so‘zlariga ko‘ra, vaqtinchalik umumiy ruxsatnoma «operatorlarga boshqa kompaniyalar bilan ishlash uchun shartnomalar tuzishga vaqt beradi». Xitoy kompaniyasiga qarshi cheklovlarni kechiktirish to‘g‘risidagi qaror Amerika kompaniyalari uchun keskin muammo yaratmaslik maqsadida qabul qilingan.

«Vaqtinchalik umumiy litsenziya amaldagi aloqa tarmoqlarini ishlatishni davom ettirish va mavjud mobil aloqa xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan ayrim faoliyat turlariga ruxsat beradi, jumladan, kommunikatsiya tarmoqlari va uskunalarining yaxlitligi hamda ishonchliligini ta'minlash uchun muhim bo‘lgan kiberxavfsizlik sohasida tadqiqotlar», - deyiladi vazirlik bayonotida.

O‘z navbatida, Huawei asoschisi Jen Chjenfey AQSh o‘z harakatlari bilan kompaniya qudratiga yetarlicha baho bermayotganini ta'kidladi.

«Biz bir yil oldin AQSh tomonidan haqiqiy nazoratni his qildik. Amerikalik siyosatchilar hozirgi harakatlari bilan Huawei kompaniyasi qudratini yetarli darajada baholay olishmayapti», - dedi Jen Chjenfey seshanba kuni Xitoy matbuotiga bergan intervyusida.

Reyter agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Google Huawei bilan ochiq litsenziyaga ega bo‘lgan barcha vositalardan tashqari, asbob-uskunalar, dasturiy ta'minot va texnik xizmatlar sohasida hamkorlikni to‘xtatdi.

Top