11:20 / 22.05.2019
73202

Amirliklarning yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi. Qizilqum cho‘lidagi mo‘jizaviy maskanga sayohat – foto

Navoiy shahridan qariyb 50 kilometr uzoqlikda, janubi-g‘arbiy tomonidagi cho‘l hududida 300 gektar yer maydon egallagan Amirliklarning yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi (AYTAM) joylashgan.

Markaz Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Dubay amirligining hokimi shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum tashabbusi bilan 2008 yilning aprel oyida tashkil etilgan.

AYTAMning asosiy faoliyati O‘zbekistonda Osiyo yo‘rg‘a tuvalog‘ining barqaror populyatsiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘paytirish va asrash ishlari hamda har yili ushbu turni yovvoyi tabiiy muhitga qo‘yib yuborish kampaniyalari kabi tadbirlar majmuasidan iborat.

22 may – Xalqaro biologik xilma-xillik kuni munosabati bilan AYTAM va Navoiy viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamkorligida ommaviy axborot vositalari uchun markaz bo‘ylab press-tur tashkil etildi.

«2007 yilda markazdagi asosiy faoliyati boshlanguniga qadar birlamchi galani yaratish uchun zarur bo‘lgan yovvoyi tuxumlarning dastlabki kolleksiyasi jamlangan edi. Ushbu kolleksiyani yig‘ish ishlari O‘zbekiston hukumatining ruxsati bilan 2012 yilgacha amalga oshirildi. Shu bilan birga, yovvoyi tabiatga chiqarib yuboriladigan qo‘shimcha qushlarni ko‘paytira oladigan yo‘rg‘a tuvaloq qushlarining nasldor galasini yaratish maqsadida markazda 2008 yildan boshlab qat'iy genetik nazorat ostida yo‘rg‘a tuvaloq qushini tutqunlikda ko‘paytirish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan» – deydi markaz menejyeri Rustam To‘xtamurodov.

Osiyo yo‘rg‘a tuvalog‘i – o‘rtacha o‘lchamlarga ega qush bo‘lib, yozilgan qanotlarining uzunligi 1,5 metrni tashkil qiladi. Tanasining yuqori qismidagi patlar ola-chipor, sarg‘ish-kulrang, pastki qismidagi patlar esa  oqish tusga ega. Nar va moda qushlarning uzun qora patlari bo‘yinning yon tomonlarida, oq patlari bo‘yin pastki qismining old tomonida joylashgan.

Osiyo yo‘rg‘a tuvalog‘i Markaziy Osiyoda ko‘payadigan ko‘chib yashaydigan qush hisoblanadi. Ushbu tur bahorda O‘zbekistonga uchib kelib, mart-iyun oylari oralig‘ida Markaziy Osiyoda ko‘payadi. Oktabr oyida yo‘rg‘a tuvaloq nisbatan issiq bo‘lgan hududlarga – Afg‘oniston, Eron, Pokiston va Arabiston yarim oroliga qishlash uchun uchib ketadi.

Yo‘rg‘a tuvaloq aksariyat vaqtini yerda ozuqa izlash bilan o‘tkazadi. U quruq muhitga moslashgan, butali va ochiq maydonlarga ega cho‘l hamda yarimcho‘l hududlarda yashashni afzal ko‘radi. Ushbu qush har narsani yeyaveradigan turga mansub bo‘lib, o‘simliklar va ularning urug‘lari, mayda kaltakesak, hasharotlar va boshqa umurtqasizlar bilan oziqlanadi.

Ko‘payish mavsumida nar yo‘rg‘a tuvaloq o‘ziga tegishli va har yil foydalanadigan hududda nihoyatda go‘zal nikoh raqsini ijro etadi, maqsad – murakkab raqs orqali qo‘shnilari bilan raqobat qilish va moda qushlarni jalb qilish.

Moda qushlarning aksariyati ikki yoki uch yoshida jinsiy balog‘atga yetadi. Ular nar qushlar raqsga tushayotgan hududlarga faqat juftlashish uchun tashrif buyurishadi, juftlashishdan keyin boshqa hududlarga ketib, tuxumni o‘sha yerda qo‘yadilar.

Moda yo‘rg‘a tuvaloq tuxum qo‘yish va bosishni nar qushlar yordamisiz amalga oshiradi. O‘zbekistonda moda yo‘rg‘a tuvaloqlar odatda ikkitadan to‘rttagacha tuxum qo‘yib, 21-22 kun davomida bosib o‘tiradi.

Yo‘rg‘a tuvaloq o‘z arealida yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan tur hisoblanib, tabiatni muhofaza qilish ittifoqi tomonidan «zaif» deb tasniflangan, yo‘qolib borayotgan turlar bo‘yicha xalqaro savdo to‘g‘risidagi, Ko‘chib yashovchi yovvoyi hayvonlarni asrash bo‘yicha Konvensiyalarning I ilovalariga kiritilgan.

Markazning asosiy vazifasi O‘zbekistondagi yo‘rg‘a tuvaloq qushining mustaqil populyatsiyalarini tiklash va himoya qilishga qaratilgan kompleks strategiyani amalga oshirishdan iborat.

Mazkur istiqbolli maqsadga erishish uchun AYTAM doimiy ravishda turli sohalarda, jumladan, ekologiya, fiziologiya, oziqlantirish va tibbiy veterinariyada yangi yondashuvlarni ishlab chiqmoqda. Mutaxassislarning keng qamrovli bilimlari hamda fundamental va amaliy tadqiqotlar bu yondashuvlarning asosi hisoblanadi.

Markaz turni tutqunlikda ko‘paytirish bo‘yicha stansiyani yaratish va ishini tashkil qilish, tabiiy populyatsiyalarni mustahkamlash, oqilona ekologik dasturlarni amalga oshirish yo‘li bilan turlar va yashash muhiti haqidagi asosiy bilimlar ko‘lamini kengaytirish ishlarini olib boradi.

Markazda asosan yo‘rg‘a tuvaloqlarni parvarishlash bo‘yicha besh bosqichli jarayon mavjud.

Birinchisi – Navqiron yoshdagi qushlarni parvarishlash va ko‘paytirish bo‘limi. Bu bo‘limda tuxum yig‘ish ishlari amalga oshiriladi va laboratoriyada genetik o‘rganishlar olib boriladi.

«Bu bo‘limda jami 1980ta yo‘rg‘a tuvaloq qushi bor. Shundan 841tasi nar (erkak), 1139tasi moda (urg‘ochi) qushlar. Bo‘limda qushlar asosan beda va qurtlar bilan oziqlantiriladi. Har kunlik tuxumlar inkubatsiya sexiga yetkaziladi», – deydi bo‘lim mas'uli Nilufar Husanova.

Ikkinchisi – inkubatsiya sexi. Bu yerda qushlarning tuxumlari maxsus inkubatorlarda 21-22 kunda ochiriladi.

Uchinchisi – polapon qushlarni parvarishlash sexida inkubatsiya sexida ochirilgan polaponlar saqlanadi.

«Bu bo‘limda polaponlar o‘n kunga qadar parvarishlanadi. Shu vaqt oralig‘ida qushlar yovvoyilashtiriladi. Har bir yarim soatda oziqlantirib turiladi. Ellikka yaqin ishchi kuni bo‘yi shu ish bilan band bo‘ladi. Ayni paytda 750ta polapon bor», – deydi bo‘lim mas'uli Dilrabo Hoshimova.

To‘rtinchisi – Yovvoyilashtirish bo‘limi. Bu yerda o‘n kunlik polapon qushlar yigirma kun davomida yovvoyi hayotga o‘rgatiladi. So‘ngra maxsus emlashlardan o‘tkazilib, maxsus tunellarga joylashtiriladi.

Beshinchisi – uchirishdan avval qushlar yovvoyi tabiatga tayyorlanadi.

Har bir jarayonda qushlar mutaxassis va veterinarlar nazoratida bo‘ladi. Ayni vaqtda markazda fransiyalik mutaxassislar ish olib bormoqda.

Belarus ekolog-ornitologlari markazda ko‘ngilli ravishda ekologik va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazmoqda.

Markazda 100 nafar ishchi doimiy ravishda faoliyat olib boradi. Mavsum vaqtida ishchilar soni 200 nafargacha yetadi. Ishchilarning 90 foizi markazdan 15 km uzoqlikdagi O‘rtacho‘l qishlog‘idan, qolgan 10 foizi Navoiy shahridan jalb qilingan. Ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Qatnov uchun mikroavtobus va avtobuslar qo‘yilgan.

Ishchilarga markaz hisobidan xorijiy tillar va  soha sir-asrorlari o‘rgatiladi.

Bugungi kunda markaz obektlarining aksariyat qismi faoliyatiga moslashtirilgan vaqtinchalik qurilmalar hisoblanadi. 

Kelgusida to‘liq integrallashgan tizim qurilishi rejalashtirilgan. Yangi markaz loyihaning ulkan maqsadlariga mos keladigan, bundanda yuqoriroq sifatga ega bo‘ladi.

Qushlarni yovvoyi tabiatga uchirish mavsumi asosan sentabr-oktabr oylari hisoblanadi. 2012 yildan shu vaqtga qadar markaz tomonidan tabiatga 10 mingga yaqin yo‘rg‘a tuvaloq yovvoyi tabiatga uchirilgan.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Top