18:34 / 23.05.2019
16572

Oliy sud: Navoiy viloyat ma'muriy sudi raisi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda

Foto: Oliy sud

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Navoiy viloyat ma'muriy ishlar bo‘yicha sudi raisi Otabek Toshevga oid ish yuzasidan axborot berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining shu yil 20 may kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Navoiy viloyat ma'muriy sudi raisi O.Toshevni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berish to‘g‘risidagi taqdimnoma ma'qullangan.

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Otabek Toshev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 206-moddasida (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblanmoqda. Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga ko‘ra, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi.
 
O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuni 63-moddasiga muvofiq, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining raislari va rais o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining raisi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimdan ozod etiladi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning fevral oyida Otabek Toshev Navoiy viloyat ma'muriy ishlar bo‘yicha sudida texnik xodim sifatida faoliyat ko‘rsatadigan Dilshod Norovni ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida yerga yotqizib tepkilagani, jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingandi.

Top