11:30 / 23.05.2019
38535

Toshkentdagi 17-maktab o‘quvchilarining ota-onalari jarimaga tortildi

Foto: Getty Images

Xalq ta'limi vazirligining Huquqiy-nazorat xizmati tomonidan Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 17-umumta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi L.M va 10-sinf o‘quvchisi S.A o‘rtasida yuz bergan nizoli holat o‘rganib chiqildi.

Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning 13 aprelida L.M va S.A o‘rtasidagi janjalni shu maktabning 9-sinf o‘quvchisi Sh.Sh uyali telefoni orqali tasvirga olgan hamda videotasmani telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Do‘stlar” guruhiga, shuningdek, “Gonzo” akkauntiga instagramga tashlagan.

Mazkur holat 26 aprel kuni Mirzo Ulug‘bek tumani IIB Voyaga yetmagan ishlar bo‘yicha idoralararo komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgan. L.M.ning ota-onasi farzand tarbiyasiga yetarli darajada e'tibor bermagani uchun MJtKning 47-moddasi 1-qismiga asosan eng kam oylik ish haqining bir baravariga, ya'ni 202 730 so‘m jarimaga tortilgan.

XTVning Huquqiy-nazorat xizmati tekshiruvi natijasida maktab direktori tomonidan janjalning boshqa ishtirokchilarini hisobotdan yashirgani, tuman va shahar XTB hamda IIBga xabar berilmagani aniqlandi. Xizmatning bevosita aralashuvidan so‘ng ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 2019 yilning 1 may kuni Shayxontohur va Mirzo Ulug‘bek tumanlari IIB Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasiga yuborildi.

Ushbu hujjatlar 2 may kuni Shayxontohur tumani Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi. 10-sinf o‘quvchisi S.A.ning ota-onasi farzand tarbiyasiga befarqligi uchun O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi 1-qismiga asosan eng kam ish haqining ikki barobari, ya'ni 405 460 so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Bundan tashqari, tegishli hujjatlar asosida joriy yilning 10 may kuni Mirzo Ulug‘bek tumani Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasi 9-sinf o‘quvchisi Sh.Sh.ning ota-onasi farzand tarbiyasiga befarq bo‘lganligi va Vazirlar Mahkamasining 139-sonli Qarorida belgilangan maktab hududida mobil telefondan foydalanish qoidalarini buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi 1-qismiga asosan eng kam oylik ish haqining uch barobari, ya'ni 608 190 so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

O‘zbekiston Respublikasi “Ta'lim to‘g‘risida”gi hamda “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunlar talablariga qat'iy amal qilinishida ta'lim muassasasida o‘quvchilar tomonidan huquqbuzarlikni sodir etilishining oldini olishga yetarli darajada e'tibor qaratmaganliklari, o‘quvchilar axloqi ustidan nazoratni susaytirganliklari uchun maktab direktori hamda o‘rinbosarlariga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-bandiga muvofiq “hayfsan” e'lon qilindi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top