10:29 / 27.05.2019
26905

Amudaryo ustidan avtomobillar uchun ko‘prik qurish taklif qilindi

Foto: LiveJournal

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida Amudaryo ustidan avtomobillar uchun ko‘prik qurish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, Amudaryo tumani Qipchoq shaharchasida Amudaryo ustidan ko‘prik qurilishi tumanning ikki yuz ming aholisi va Xorazm viloyati aholisiga ancha qulayliklarni yaratadi. 

“Hozirgi vaqtda foydalanib kelinayotgan “panton” ko‘prik xavfsizlik talablariga to‘liq javob bermaydi. Har kuni ko‘plab harakatlanuvchilar ushbu ko‘prik orqali o‘tishadi. Daryoda suv ko‘paysa yoki kamaysa, payvandlangan joylari buzilsa, ko‘prik ishida uzilishlar sodir bo‘ladi. Aholi ko‘prikning ishlab ketishini soatlab kutib o‘tirishiga to‘g‘ri keladi, bahorda muz eriganda ko‘prikdan foydalanish bir necha kunga to‘xtab qoladi. Aholi uchun yo‘lkira haqi ham oshib ketadi. Ko‘prik faoliyati uchun ishchilar, ta'mirlash ishlari uchun ham ancha mablag‘ sarflanib kelinadi”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Bildirilishicha, yangi ko‘prik qurilishi iqtisodiyotning o‘sishi va eksport salohiyatining oshishiga xizmat qiladi. Shuningdek, boshqa viloyatlardan ham mahsulot va tovarlarni Turkmaniston Respublikasiga eksport qilishi uchun yo‘l xarajatlari va vaqtini ancha qisqartiradi. Sayyohlik yo‘nalishida qator qulayliklar yaratiladi. Bundan tashqari, yana ko‘plab imkoniyatlar ham yaratilishi mumkin.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Qipchoq shaharchasida Amudaryo ustidan avtomobillar uchun ko‘prik qurilishini taklif qilaman”, - deyiladi petitsiyada.

Top