18:30 / 29.05.2019
22914

Xitoyga o‘qishga borishdan oldin nimalarga e'tibor berish kerak? Ekspert bilan suhbat

Bir necha kun muqaddam Xitoyda tahsil olayotgan bir guruh yoshlar murojaati internetda shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Biz masalani batafsilroq o‘rganish maqsadida konsalting firma bilan suhbat o‘tkazdik. Bu ishlar hozirgi kunda ko‘pchilik yoshlar tomonidan qiziqish bildirilayotgan xorijda tahsil olish uchun yuboruvchi firmalar xizmatiga katta shubha uyg‘otadi. Xo‘sh, bunday xizmatlarda nimalarga e'tibor qaratilishi lozim? Bu xususda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi bilan tuzilgan memorandum asosida faoliyat yurituvchi Xitoyning «China campus network» universitetlar assotsiatsiyasining O‘zbekistondagi filiali rahbari Dilshod Xamrayev bilan suhbatlashdik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix) 

— Xorijga o‘qishga boruvchi yoshlarimizga dastlabki savol qanday?

— Biz birinchi navbatda chet elga borishdan maqsad so‘raladi. Shuni aniqlab olishimiz kerak. Hozir yoshlarda har xil maqsadlar bor. Kimdir ishlashga borishni xohlaydi, kimdir ham o‘qib, ham ishlayman deydi. Ba'zi yoshlar diplom kerakligi uchun arzon o‘qishlarga qiziqishadi. O‘qishdan asosiy maqsad – O‘zbekiston uchun malakali kadr bo‘lib yetishish bo‘lishi kerak. Buning uchun biz sohalarni bilishimiz kerak. Ya'ni, O‘zbekiston uchun qanday sohalar kerak? Masalan, hozir raqamli iqtisodiyot, IT-yo‘nalishlar, injiniring, qurilish, urbanizatsiya, energetika va boshqa sohalar mamlakat uchun juda muhim. Bu sohalarning malakali kadri bo‘lish uchun nufuzli universitetda o‘qish kerak. Buni bilish uchun Vazirlar Mahkamasi, Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan dunyoning nufuzli universitetlarining 1000tasi ro‘yxati bor. O‘sha universitetlarga topshirsa, o‘shandagina malakali kadr bo‘la oladi. Yoshlar orasida Yevropa, Amerika va Osiyoning bir necha davlatlariga borishga qiziqish kuchli. Bizning tavsiyamiz Xitoy davlatiga bo‘ladi.

— Nega aynan Xitoy?

— O‘zbekiston va Xitoy davlati o‘rtasida diplomatik aloqalar rivojlanganini, investitsiyalar, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan 2 mingdan ortiq Xitoy korxonalari, shuningdek, «Bir makon, bir yo‘l» loyihalaridan kelib chiqib biz shu davlatga tavsiya qilamiz. Xitoy tilini biladigan mutaxassislarga hozir talab yuqori. Endi universitetlarga o‘qish kirish yo‘llarini o‘rganib chiqish kerak. Avvalambor, har qanday inson oliy o‘quv yurtlariga mustaqil hujjat topshirishi mumkin. Buning uchun o‘sha universitetlarning saytlari bor. Bundan tashqari, konsalting firmalar yordami bilan borish mumkin. Oxirgi 3 yilda bular juda ko‘payib ketdi.

— O‘qishga bormoqchi bo‘lgan yoshlar, ularning ota-onalari nimaga e'tibor berishi kerak?

— Avvalambor, firmaning tajribasini aniqlab olishi kerak. Buning bir yo‘li – tashkilotning guvohnomasida tashkil topgan sanasi keltiriladi. Shundan ham bilib olsa bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, firma biror universitetni tavsiya qilayotgan bo‘lsa, o‘sha oliy o‘quv yurti bilan tuzilgan shartnomasini ko‘rib chiqish kerak. Shuningdek, mijoz bilan firma o‘rtasida ham shartnoma imzolanadi. Ushbu shartnoma ko‘p narsalarni belgilaydi. Shartnomada keltirilgan bandlarda hammasi yozilgan bo‘ladi: muddati, dasturi, yotoqxona, kim kutib olishi, boshqa xarajatlar masalalari hisobga olingan bo‘ladi. Mijoz va firma o‘rtasidagi yuridik kuchga ega bo‘lgan xujjat aynan shu shartnomadir. Shartnomani biror huquqshunosga ko‘rsatish kerak. Chunki, huquqshunos to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini, qaysi bandlari qanaqa oqibatlarga olib kelishini aytib beradi.

Yana bir jihat shuki, ba'zi firmalar faloncha odam jo‘natganman, faloncha mijozim o‘qiyapti deb og‘ziga kelgan gapni aytaverishadi. Agar rostdan aytganicha mijozi bo‘lsa ro‘yxatini so‘rasangiz bera oladi. Chunki o‘ziga ishongan firma har bir mijozdan olgan daromadi uchun soliq to‘laydi. Buning ro‘yxati esa qonuniy faoliyat yuritayotgan tashkilotda albatta bo‘ladi. Agar aksi bo‘lsa, ko‘rsata olmaydi.

Hozirda talaba bo‘lib yurgan mijozlarning kontaktlarini ham so‘rash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ular bilan muloqot ham ko‘p ma'lumot beradi. O‘qish, sharoitlar qandayligini so‘rab bilib olsa bo‘ladi. O‘ziga ishongan tashkilotlar buni qo‘rqmasdan bera oladi. Lekin, bu bilan kifoyalanib qolmaslik kerak. Chunki berilayotgan kontaktdagi odam aslida talaba bo‘lmasligi ham mumkin. Yaxshisi ketgan talabalarning ota-onasining kontakt raqamlarini olsa to‘g‘riroq bo‘ladi.

Shuningdek, kompaniyaning faoliyati to‘g‘riligini bilishning yana bir yo‘li naqd pulda to‘lov bilan bog‘liq. Ya'ni, agar kompaniya sizga «naqd pulda to‘layvering, bankdan to‘lasangiz bankka qo‘shimcha to‘lovlar to‘laysiz va xarajatingiz oshib ketadi» desa bilingki, bu firibgarlikning bir belgisi hisoblanadi.

— Universitetlarning qanday turlari mavjud va qaysi turlariga topshirishni tavsiya qilasiz?

— Xitoyda universitetlarning turli darajalari mavjud.

Birinchi toifasi 985-loyihaga kiruvchi S9 universitetlardir. Pekin, Harbin, Tongji universitetlari va boshqa shunday darajadagi universitetlar kiradi. Bular ichida dunyoning top-200taligiga kiruvchi universitetlar mavjud.

Ikkinchi toifada – 211-loyihaga tegishli universitetlar hisoblanadi.

Shundan so‘ng, uchinchi toifadagi o‘qishlar bo‘lib, biz bunday o‘qishlarga tavsiya bermaymiz.

Biz 985 va 211-loyihadagi universitetlarni tavsiya qilamiz. Bularning ichida bizning mamlakatda nostrifikatsiya qilinmaydiganlari ham bor.

Shuningdek, Xitoyda o‘qiydigan universitet toifasi emas, universitet joylashgan shaharga qarab ham tavsiyalar beramiz. Birinchi toifali shaharlar bu – Pekin, Tyanszin, Shanxay hisoblanadi. Bular eng rivojlangan shaharlar hisoblanadi. Ikkinchi toifali shaharlarga – Siang, Changsu kabi provinsiyalardagi shaharlarni misol qilish mumkin. Biz shu birinchi va ikkinchi toifa shaharlardagi o‘qishlarga kirishni tavsiya qilamiz. Chunki, Xitoyda davlat tili putunxua deyiladi. Uchinchi toifali shaharlarga borsa, mahalliy aholining shevasi keskin farq qiladi. Universitetda putunxua bo‘lsa, tashqarida aholi shevasi bo‘lgani uchun xitoy tilini o‘rganishda muammolar vujudga keladi. Xitoy tili murakkab til. O‘rganish uchun ancha vaqt ketadi. O‘rtada ta'sir qiluvchi omillar bo‘lmasligi kerak. Xitoy tili asosan tovushlardan iborat. Shevalarda aynan tovushlari bilan farqlanadi. Shunday shaharlarda o‘qiyotgan talabalar Pekinga borsa ularni tushunishmayotganini aytishadi.

— Yoshlar tomonidan dasturlar bo‘yicha shikoyat qilindi. O‘qishda qanday dasturlar mavjud?

— Xitoyda turli dasturlar mavjud. «1+3», «1+4», ingliz tilida o‘qish dasturlari bor. Xitoyda ingliz tilida tahsil olishni biz unchalik ham yoqlamaymiz. Xitoy ingliz tilida gaplashadigan davlat emas. Xitoylik odam ingliz tilida gaplashishini tasavvur qilish sal qiyinroq. Bizning yoshlar ularning o‘qituvchilari darajasida yoki undan ham yuqoriroq saviyada gaplashadi.

«1+3» degani bu, bakalavr diplomini jami 4 yilda oladi. Birinchi semestrda xitoy tili bo‘ladi. Ikkinchi semestrda universtitet fanlari ham o‘tiladi. Tajribamizdan kelib chiqib aytish mumkinki, bunday universitetlarning nufuzi pastroq bo‘ladi.

«1+4» dasturida esa, talaba bir yillik tayyorlov kursida tahsil oladi va HSK sertifikatiga imtihon topshiradi. Bu sertifikat xitoy tilini bilish darajasini belgilab beruvchi me'yor. Odatda bundan 4 olsa, universitetga kiradi. Agar 5 olsa, grant bilan o‘qishi mumkin. Shuningdek, intensiv tarzda tahsil beradigan «1+4» dasturlar ham bor. Ularda bir yilda 1080 soat bo‘ladi.

— Dars soatlari turli universitetlarda turlicha o‘qitiladimi?

— Shu masalaga qarab ham universitetning nufuzini bilsa bo‘ladi. Agar 500-600 soat dars bo‘lsa, HSK sertifikatidan 4 baho olishi qiyin masala bo‘ladi. 1080 soat dars o‘tilsa natijaga erishilishi mumkin. Shuningdek, tayyorlov kurslarida yo‘nalishlar bo‘yicha ham darslar bo‘ladi. Misol uchun, neftgaz sohasida tahsil olayotgan talabaga xitoy tili bilan birgalikda kimyo, fizika, matematika ikkinchi semestrda xitoy tilida o‘rgatiladi.

Grantlar masalasiga kelsak, davlat, provinsiya, universitet, konfutsiy, jasmin va Great wall grantlari mavjud. Grantlarni olish oson. Shartlari avvalo akademik litsey yoki kollejni qizil diplom bilan bitirgan bo‘lishi kerak. IELTS’dan 7 ball yoki HSK’dan 5 olgan bo‘lsa grant asosida o‘qishni boshlaydi.

— Grantning shartlari qanday bo‘ladi?

— Talabaga ishonib grant berildimi, demak bu talaba shu ishonchni oqlashi va yaxshi o‘qishi kerak. Birinchi yil darsga qatnashishi 90 foiz bo‘lishi, darslarni yaxshi bahoga yopishi talab etiladi. Masalan, 80-90 foizga darslarni o‘zlashtirishi lozim. Har yili grant bo‘yicha qo‘mita tuziladi. Agar yuqoridagi talablar bajarilmasa talaba grantdan quruq qoladi. Ko‘pchilik buni noto‘g‘ri tushunadi. Biz boshida pul to‘ladikmi demak oxirigacha grantda o‘qishimiz kerak degan tushuncha bor. Bu shartlarni firma yaxshilab tushuntirishi lozim. Biz ham ba'zida o‘qib qolamiz «o‘qish tekin, yotoqxona tekin, stipendiyalari bor, kirish uchun imtihon shart emas» degan kulgili postlarni ko‘rib qolamiz. Bu haqiqatdan uzoqdagi so‘zlar. Grantda sizga qanday shartlar va imtiyozlar berilganini «admission notice» degan universitetdan bilsa bo‘ladi. Shu xatda hammasi yozilgan bo‘ladi. Qaysi grantga tushdi, shart-sharoiti qanaqa, qanday darslarga qatnashishi kerak va boshqa shartlar batafsil tushuntirilgan bo‘ladi. Ingliz tilida bo‘lgani uchun to‘liq tushunishmaydi. Buni tushunmasliklari ortidan muammolarga duch kelishadi.

— «1+3», «1+4» kabi dasturlarda bir yil tayyorlov kurslaridan so‘ng, bakalavriatga kirganda to‘lanadigan to‘lov haqida qanday ma'lumotlar bera olasiz?

— To‘lov bo‘ladi, agarki, talaba grantga yetadigan shartlarni bajara olmagan bo‘lsa. Qisman grantga tushishi yoki umuman grantga tushmasligi mumkin. O‘sha holatda to‘lov bo‘lishi mumkin. Ayrim kompaniyalar oxiridan boshlashadi. Grantga tushishi, qulayliklarni aytishadi, lekin buning uchun o‘qishi shartligini aytishmaydi yoki aytishsa ham alohida urg‘u berishmaydi. Yoshlar bunga jiddiy qaramagani uchun darsga qatnashmaydi, yaxshi o‘qimaydi va oxirida pul to‘lashga majbur bo‘ladi.

— Bunday holatlarni konsalting firma yaxshilab tushuntirishi kerak emasmi?

— Albatta. Bizning ish juda mas'uliyatli bo‘lib, insonning hayotini hal qiladi. O‘ylaymanki, har bir kompaniya qilayotgan ishim jamiyatga foyda keltiryaptimi degan fikrda bo‘lishi kerak. Talabalar borib, yaxshi o‘qisa, yaxshi mutaxassis bo‘lib kelsa bundan ortiq baxt bo‘lmasligi kerak, aslida. Mehnatimiz hosili mana shu deb bilaman. Yaxshi ishlasa, pul o‘zi kelaveradi. Biz shu sababli ham konsultativ markaz sanalamiz. Biz tushuntirish ishlarini olib boramiz. Avvalambor, biz uchun qaysi masala dolzarbligini aniqlab olish kerak. O‘zbekiston uchun nima kerakligini aniqlash kerak. Aytaylik, 4 yoki 5 yildan keyin nima dolzarb bo‘ladi. Katta kompaniyalar ham aytishadiki, kerakli kadrlarni chetdan olib kelishadi.

— Talabalar o‘qishga borganidan so‘ng, birinchi o‘rinda beradigan tavsiyangiz qanday?

— Birinchi o‘rinda ta'lim. Xayolida faqat darslarga qatnashish va o‘zlashtirish bo‘lishi kerak. Haftasiga 3 marta yoki tushgacha bo‘lgan darslar ham bor. Bu bilan kifoyalanib qolmasligi kerak. Xitoy o‘qishlarining kutubxonalari juda katta bo‘ladi. Xitoylik talabalar asosiy vaqtini o‘qishga sarflaydi. Xitoy o‘qishlarida o‘z ustida ishlasin degan ma'noda ko‘p vazifalar beriladi. Shularga e'tibor qaratish kerak. Bizning ko‘p talabalar o‘zini ishga beradi. Cargo’dagi ishlarga berilib pul topishga tushib ketishadi. Bu bilan vaqtini behuda sarflashmoqda. Bu bilan xato qilishmoqda. Malakali kadr bo‘lish esa uchun tinmay o‘qishi lozim.

— Xulosa o‘rnida talabalarga qanday tavsiya berasiz?

— Odamda qisqa va uzoq muddatli rejalar bo‘ladi. Hozir yoshlarimiz orasida shu qisqa muddatli rejalarga berilib ketishmoqda. Hozir yoshlar nima qilishmoqda? O‘qish bilan birgalikda ishlashmoqda. Odatda cargo da yoki yuk tashuvchilikda ishlashmoqda. Ko‘pchiligi uzoq muddatli bo‘lgan, ya'ni asosiy maqsadi bo‘lgan ta'limga vaqt ajratishmayapti. To‘g‘ri, kuniga 50 yoki 100 AQSh dollari topar, lekin ta'limga investitsiya kiritsa ertaga ular kompaniyalarni o‘zlari tanlashadi. Odatda kompaniyalar xodimni tanlasa, o‘qigan talabalar kompaniyalarni tanlab ishga kirishadi. Chunki, bunday xodimga talab katta bo‘ladi. Agar chalg‘ib yuraversa, bunday darajadagi kadr bo‘la olmaydi. Ikkalasidan birini tanlash kerak. 

Top