10:51 / 01.06.2019
5488

Senatorlar YaIMda «yashirin iqtisodiyot»ning ulushini kamaytirmoqchi

Foto: Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati

2019 yil 31 may kuni Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan “Yashirin iqtisodiyot”: muammo, yechim va natijalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda vazirlik va idoralarning rahbarlari, mutaxassislari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta'kidlanganidek, “yashirin iqtisodiyot”ni aniqlash, shakllanishining oldini olish va ulushini pasaytirish iqtisodiy siyosatning bugungi kundagi dolzarb muammolaridan biri sanaladi. Shu bois bu borada zarur kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish davr talabidir. “Yashirin iqtisodiyot”ning ko‘lami kengayib borishi, o‘z navbatida, mamlakatda yaratilgan milliy boylikni taqsimlash va qayta taqsimlanishida tengsizlikni keltirib chiqaradi. Aholi daromadlarining to‘g‘ri taqsimlanmasligi esa jamiyatda ijtimoiy muhitning yomonlashuvi, davlatning iqtisodiyotni boshqarish mexanizmlarining kuchsizlanishiga sabab bo‘ladi. Jinoiy faoliyatning hamda uyushgan jinoyatchilikning avj olishiga sharoit yaratib, mamlakatning investitsion muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Uning kengayib borishi aholining davlat tomonidan olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi.

So‘zga chiqqanlar yalpi ichki mahsulotda yashirin iqtisodiyotning ulushi yuqoriligini, o‘z o‘rnida iqtisodiyotning rivojlanishi va budjet tushumlariga xalaqit berayotgani to‘g‘risida ham atroflicha ma'lumot berishdi, deyiladi xabarda.

Davra suhbati ishtirokchilari xorijiy tajribani hisobga olgan holda “yashirin iqtisodiyot” ulushi va ta'sirining minimalligini ta'minlash choralarini ham muhokama qilishdi. Xususan, ushbu masala yuzasidan rivojlangan davlatlar tajribasini tahlil qilgan xolda mos bo‘lgan yo‘nalishlarga tayanib, uni batamom yo‘q qilish borasida bosqichma-bosqich choralar ko‘rish, tadbirkorlarni asta-sekinlik bilan qonuniy belgilangan tartibda ishlashga o‘rgatish zarurligi borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Bundan tashqari, “yashirin iqtisodiyot”ning rivojlanishiga sabab bo‘ladigan omillar, ya'ni soliq yukining yuqoriligi, turli xil litsenziya, sertifikat va ruxsatnomalar olinishida ko‘zda tutilmagan xarajatlarning mavjudligi, xomashyo mahsulotlari yetkazib berilishida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishdagi byurokratik to‘siq va qiyinchiliklar, korrupsiyaning batamom yo‘qolmaganligi, huquq va sud tizimi samaradorligi yetarli darajada emasligi, iqtisodiyotning barcha sub'yektlarida rasmiy faoliyat yuritish uchun iqtisodiy mexanizmlarning mukammal ishlab chiqilmaganligi masalalari ham muhokama qilindi.

Top