11:41 / 11.06.2019
28777

«Yuksalish» propiska tizimini o‘zgartirishni taklif qilmoqda

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda propiska bo‘yicha o‘rnatilgan ushbu tartib fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlaridan to‘la-to‘kis foydalanishiga, urbanizatsiya jarayonlari, ijtimoiy rivojlanish, xususan istiqbolli yoshlar, malakali kadrlarning xorijda ishlash uchun mamlakatni tark etayotganliklari haqida ko‘plab fikrlar bildirilmoqda, deyiladi «Yuksalish» umummilliy harakati e'lon qilgan xabarda.

«Yuksalish» umummilliy harakati fuqarolarning ayni shu masala — Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska bo‘yicha amaldagi tartib yuzasidan fikrlarini o‘rgandi. Xususan, Telegram tarmog‘idagi Jamoatchilik fikri sahifasida joriy yilning 3–11 iyun kunlari davomida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi. Unda 17 ming 700 nafardan ziyod fuqaro ishtirok etib, respondentlarning asosiy qismi, ya'ni 49 foizi ushbu tartib fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga mutlaqo zid ekanligini ta'kidladi.

« Fikrimizcha, belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘laqonli amalga oshirilganida, bugungi kunga kelib fuqarolarning noroziligi va muhokamalariga sabab bo‘lmas edi. Aksincha, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga amal qilinishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini yanada oshishiga, urbanizatsiya jarayonlariga, ijtimoiy rivojlanish, xususan, istiqbolli kadrlarning xorijga chiqib ketishining oldi olinishiga xizmat qilgan bo‘lar edi.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, belgilangan vazifalarning to‘laqonli bajarilishini inobatga olgan holda, «Yuksalish» umummilliy harakati ushbu masala yuzasidan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi:

Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiska qilish tartibini turar joyi bo‘yicha hisobga olish tizimi bilan almashtirish. Bunda hisobga olishni Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali soddalashtirilgan tartibda amalga oshirish;

Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini e'tirof etishni nafaqat birlamchi bozor, balki ikkilamchi bozorda, shuningdek umrbod o‘zgaga berilganda yoki hadya qilinganda ham berish tartibini joriy qilish »,   —  deyiladi taklifda.

Ma'lumki, 2018 yilda Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik va innovatsion texnologiyalarni qo‘llab quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 56-bandida Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlarini ta'minlash maqsadida doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish belgilangan edi.

Mazkur band ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi qarori bilan fuqaroni Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish fuqaroni doimiy yashash joyidan propiskadan chiqarmasdan besh kundan bir yil (avval olti oy) muddatga amalga oshirilishi hamda bu Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turar joy sotib olish uchun asos hisoblanmasligi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, mavsumiy ish bilan shug‘ullanish (qurilish va qishloq xo‘jaligi ishlari) uchun kelgan fuqarolarga hisobga qo‘yishning soddalashtirilgan tartibi ham belgilandi.

Qarorga muvofiq, Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan jismoniy shaxslar Toshkent shahri va viloyatida faqatgina yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulkni- hisob-kitobni bank hisob varaqlari orqali amalga oshirganlaridagina sotib olishlari va ushbu ko‘chmas mol-mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishlari mumkinligi belgilandi.

Bunda Toshkent shahri va viloyatida yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulk sotib olgan Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar tomonidan ko‘chmas mol-mulk sotib olinganda — shartnoma summasining 5 foizi, ammo eng kam oylik ish haqining 10 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorida davlat boji undirilishi belgilandi.

Ma'lumot uchun, Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega fuqarolar uchun ushbu xizmat eng kam oylik ish haqining 1 barobarini tashkil qiladi.

Shuningdek, ushbu o‘zgarishlar bilan vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik, voyaga yetmagan shaxsning belgilangan muddatda pasport olmaganligi uchun ma'muriy javobgarlik bekor qilindi, doimiy yoki vaqtinchalik propiskasiz bo‘lgan shaxsni ishga qabul qilishni rad etish mumkinligini nazarda tutuvchi norma chiqarib tashlandi.

Shunga qaramay, Davlat dasturida Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilish tartibi nazarda tutilgan bo‘lsada, ushbu masala to‘laqonli amalga oshirilmagan. Bu esa fuqarolar tomonidan e'tirozlarning yanada ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

Top