14:30 / 12.06.2019
5454

150 milliondan ortiq bola muntazam mehnatga jalb qilinmoqda yoxud 12 iyun – «Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni»

Dunyoda turli-tuman sanalar ko‘p. Ularning ayrimlari bayram sifatida nishonlansa, ba'zilari qaysidir muammoga e'tibor qaratish uchun belgilanadi. Ana shunday sanalardan biri bugun, 12 iyun – «Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni» sifatida nishonlanadi. Xo‘sh, nega shunday? Bolalar mehnati shu qadar yirik muammomi?

Avvalo bolalar mehnati degan tushunchaga oydinlik kiritib olish lozim. Bolalar mehnati – voyaga yetmaganlarni muntazam mehnatga jalb qilish bo‘lib, dunyoning ko‘plab davlatlarida bolalarni uzluksiz ekspluatatsiya qilish sifatida malakalanadi va qonun yo‘li bilan ta'qib qilinadi.

O‘tmishda bolalar mehnatiga oddiy hol sifatida qaralgan va bu holat juda keng tarqalgan bo‘lgan. Ammo bolalar huquqlari bo‘yicha qator xalqaro konvensiyalar qabul qilinganidan so‘ng bu holatga birin-ketin barham berila boshlandi.

BMT va Xalqaro mehnat tashkiloti bolalar mehnatini qoralaydi. Bolalar huquqlari konvensiyasining 32-bobi «bolalarni jismoniy, ruhiy, ma'naviy va ijtimoiy rivojlanishiga to‘siq bo‘luvchi, salomatligi hamda ta'lim olishiga xalaqit qiluvchi har qanday iqtisodiy ekspluatatsiyalardan himoya qilish»ni nazarda tutadi.

Albatta, bolalar mehnatiga qarshi qator konvensiyalar bor, havas qilgulik qonunlar qabul qilingan. Ammo yigirma birinchi asrning choragi o‘tib bormoqdaki bu muammo hamon o‘z yechimini topmagan, ayrim hududlarda hatto yanada chuqurlashgan.

Bugungi kunda bolalarning pul topish va oilasiga ko‘mak berish maqsadidagi harakatlariga chidash, ko‘z yumish balki mumkindir. Ammo bu holatlarga ham chek qo‘yish zarurati bo‘lgan bir paytda mavzuga oid bundanda og‘ir muammolar mavjud.

Voyaga yetmagan bolalar qullikka mahkum qilinmoqda, jangovar harakatlarda ishtirok etishmoqda va ayanchlisi hatto jinsiy ekspluatatsiyalarga ham duchor bo‘lishmoqda.

Afrika davlatlari, Yaqin Sharq va uzoq yillardan buyon Suriya, Iroq va Afg‘oniston kabi hududlarda bu boradagi ahvol nihoyatda murakkab.

Xalqaro mehnat tashkiloti va Walk Free jamg‘armasining bu boradagi tadqiqotlari kishini o‘yga toldiradi: so‘nggi ma'lumotlarga qaraganda dunyo bo‘ylab 40 milliondan ortiq inson zamonaviy qullikka mahkum, ya'ni o‘z ixtiyoriga qarshi va ramziy haq yoki shunchaki qorin to‘ydirish evaziga ishlaydi. 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 152 million bola shuncha taqiqlarga qaramay bolalar mehnatiga muntazam jalb qilinmoqda. Ha, raqamlar etni junjiktiradigan darajada. O‘zbekiston kabi davlatlardan beshtasi aholisiga teng bolalar bolalikning shirin onlarini ko‘rmaydi, arzimas haq evaziga kimlarningdir qo‘liga mo‘ltirab turadi yoki umuman tekinga ishlaydi. Ammo dahshatlisi ayrim hududlarda hali harakati mohiyatini anglab yetmagan bolalar qo‘liga avtomat berib jangga kiritilmoqda, «shahid belbog‘i» bilan turli nuqtalarga jo‘natilmoqda, hali tanasi shakllanib ulgurmay zo‘ravonlar nafsini qondirish uchun xizmat qilishmoqda va aql bovar qilmas tarafi ko‘pincha ota-onalarning o‘zlari bolalarini bunday maqsadlarda ochiqdan-ochiqdan sotishmoqda.

Faktlarga e'tibor bering:

  • Dunyodagi voyaga yetmaganlar qulligida qizlarning o‘rni nihoyatda katta, ular soni taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra 30 million nafardan, yoki umumiy hisobning 70 foizidan oshadi. Majburiy jinsiy ekspluatatsiyaning 99 foizi yosh qizlar bo‘lsa, majburiy nikohlarning 84 foizi voyaga yetmagan qizlar hissasiga to‘g‘ri keladi;
  • Bolalar mehnati eng ko‘p tarqalgan soha qishloq xo‘jaligi (70,9 foiz), undan keyin xizmat ko‘rsatish sohasi (17,1 foiz), 11,9 foiz bunday bolalar esa ishlab chiqarishda qatnashadilar;
  • Majburiy mehnatga jalb qilinganlarning har to‘rtinchisi bolalardir;
  • O‘z ixtiyoriga qarshi ishlayotganlarning 18 foizi, jinsiy ekspluatatsiyaga muntazam uchrayotganlarning 21 foizi, davlat tashkilotlari tomonidan ma'muriy buyruqbozlik asosida ishga jalb qilinayotganlarning 7 foizi voyaga yetmaganlar;
  • Eng katta muammo Afrika davlatlarida. Bu qit'adagi 5-17 yoshlilarning taxminan 73 million nafari majburiy mehnatda. Osiyo va Tinch okeani hududida bu ko‘rsatkich 62 mln, Amerika qit'asida 10,7 mln, Yevropa va Markaziy Osiyo 5,5 mln, arab davlatlarida 1,2 million voyaga yetmaganlar muntazam ishlaydilar;
  • Bolalar mehnatiga jalb qilinganlarning har uchinchisi ta'lim olmaydi, 38 foizi xavfli sohalarda va haftasiga 43 soatdan ko‘proq ishlaydilar.

Ko‘rinib turibdiki, bu butun dunyoni o‘ylantirayotgan global muammodir.

O‘zbekistonda vaziyat qanaqa?

Ta'kidlash va tan olish joiz, O‘zbekiston ham uzoq yillar bu borada tanqidlarga nishon bo‘lgan. Bu boradagi eng yirik masala paxta-yig‘im terimi bilan bog‘liq bo‘lgan. Yurtimizda yig‘im-terim mavsumida bolalar mehnati an'ana darajasiga kirib qolgandi. Ammo so‘nggi yillarda ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarga erishilganini qayd etish lozim. Bolalarni majburiy mehnatga jalb qilmaslik davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, bunga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan choralar ko‘rildi.

Xalqaro Mehnat Tashkilotining (XMT) ma'lum qilishicha, O‘zbekiston hukumati paxta sanoatida majburiy mehnatdan foydalanish xavfini bartaraf qilish bo‘yicha islohotlarida ijobiy o‘zgarishlarga erishmoqda. O‘zining 2016 yil paxta terimi mavsumi mustaqil monitoringidan keyin bugun chop etilgan hisobotida, XMT bugungi kunda uyushtirilgan bolalar mehnatidan foydalanish ijtimoiy jihatdan noma'qul holat va bu amaliyot bosqichma-bosqich tugatildi, degan xulosaga kelgan.

«Bolalar mehnatidan foydalanishning noma'qulligini jamiyatning barcha qatlamlari: hukumat, o‘qituvchilar, mutaxassislar, fermerlar, ota-onalar va bolalarning o‘zlari e'tirof etmoqda. O‘zbekiston uyushtirilgan bolalar mehnatidan foydalanishni bosqichma-bosqich bartaraf qildi», - deyiladi XMT hisobotida.

Bundan tashqari, 2018 yil 20 sentabr kuni AQSh Mehnat vazirligi bolalar mehnatidan foydalanishning eng yomon shakli bo‘yicha xulosalar jamlangan 17 yillik hisobotini e'lon qilgan. Ushbu hisobotda bolalar mehnatidan foydalanishning eng yomon shakllarini bartaraf etish yo‘lidagi sa'y-harakatlarni kuchaytirish maqsadida hukumatlar olib borayotgan ishlar baholangan. Unda dunyodagi turli mamlakatlar bu sohada muhim, mo‘'tadil, minimal o‘sishga erishgan va yo umuman o‘sish kuzatilmagan, deya baholangan. Hisobotda ko‘rsatilishicha, O‘zbekiston hukumati paxta yig‘im-terimi davrida bolalar mehnatidan foydalanishni sezilarli ravishda qisqartirgani natijasida, O‘zbekiston birinchi marta mo‘'tadil o‘sishga erishgan mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan.

AQSh Mehnat departamenti bir vaqtning o‘zida yana bir qo‘shimcha hisobot – «Bolalar mehnati yoxud majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxati»ni – e'lon qildi. Bu ro‘yxatda dunyodagi 76 mamlakatda ishlab chiqarilgan 148ta mahsulot o‘rin olgan. Bu yil O‘zbekiston paxtasi ushbu ro‘yxatdan o‘chirilgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonni bunday muhim yutuq uchun olqishlagan.

Abror Zohidov

Mavzuga oid
Top