10:30 / 20.06.2019
29717

Quyosh urishi: issiqdan ko‘z xiralashib, ko‘ngil ayniganda nima qilish kerak?

Xavfli alomatlar ko‘zga tashlanganda, o‘ylab o‘tirishga vaqt yo‘q.

Quyosh urishi yaqinlashib kelayotganini bildiruvchi belgilar

Issiq urishi — bu ortiqcha qizib ketish. U tana o‘zini sovitolmasa ya'ni sog‘lom haroratga qaytolmaganda kelib chiqadi. 37,7 °S gacha daraja hisobga olinadi. Ortiqcha qizib ketishning sabablari turli xil bo‘lishi mumkin: jazirama, og‘ir jismoniy toliqish, organizmda yetarli namlik yetishmasligi... Umuman olganda bu ahamiyatsiz. Quyosh urishi uning kelib chiqish sabablaridan qat'i nazar bir xilda tahlikalidir.

Quyosh urishi — kuyishning bir turi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlarining inson bosh qismini qizitib yuborishi hisoblanadi. Yaxshiyamki, issiq o‘tishi birdaniga sodir bo‘ladigan hodisa emas. Uning o‘ziga xos alomati mavjud — issiqdan silla qurishi. Bu jadallashuvchi jarayon bo‘lib, organizm haroratni nazorat qila olmayotgani va unga sovishga ko‘mak zarurligidan xabar beradi

Termik silla qurishini har xil holatlarga doir quyidagi alomatlar orqali aniqlash mumkin:
1. Oqargan, sovuq, xira teri;
2. Bosh aylanishi;
3. Bemajollik va  ongning chalkashishi;
4. Ko‘z oldi qorong‘ilashish hissi;
5. Chuqur terlash;
6. Bosh og‘rishi;
7. Ko‘ngil aynishi, yengil qayt qilish;
8. Yurak urishi tezlashishi;
9. Mushaklar siqilishi va ich ketishi;
10. Siydik rangining o‘zgarishi (to‘q).

Issiq urishining alomatlari

Agar siz termik silla qurish belgilarini allaqachon boshdan kechirayotgan bo‘lsangiz, holat issiq urishiga yetgan bo‘lishi ham mumkin. Uning alomatlari yanada jiddiyroq tus oladi:
1. Tana harorati 40 °S dan ko‘tarilishi;
2. Nafas olishda qiyinchilikka duch kelish;
3. Og‘izda suv to‘planishi;
4. Bezgak tutishi;
5. Yurak urishida jiddiy buzilishlar;
6. Ichki organlarning issiqdan shok tufayli faoliyatini to‘xtatishi ehtimoli;
7. Miya ishlashida uzilishlar.

Bularning bari o‘ta xavfli va nafaqat salomatlik qolaversa hayot uchun tahlikalidir. Shuning uchun zudlik bilan qarshi choralar ko‘rish kerak va bu ikki holatga ham taalluqli.

Termik silla qurishida birinchi yordam

Agar gap issiq urishining faqat boshlang‘ich simptomlari haqida ketayotgan bo‘lsa, ilk vazifalar quyidagi tartibda bo‘ladi:
1. Jismoniy harakatni to‘xtatish;
2. Quyosh ostidan (issiq binodan) soyaga o‘tish, havo aylanishi yengil bo‘lgan yoki konditsionerli xonaga kirish;
3. Iloji bo‘lsa kiyimlarni yechish;
4. Peshonaga sovuq suvda namlangan doka yoki sochiq qo‘yish;
5. Kamida 1-2 stakan suv ichish. Bu organizmga suvsizlik holatidan chiqish va o‘zini sovitish xususiyatini tiklashga yordam beradi;
6. Regidron yoki sport izotonik ichimliklari ichish. Bunday ichimlik tarkibida metabolizm va asab tizimi funksiyalari uchun muhim bo‘lgan elektrolitlar mavjud. 

Quyosh urgandagi birinchi yordam

Agar sizni yoki atrofingizdagi odamlardan birortasini quyosh urgan bo‘lsa, o‘sha yerning o‘zida ko‘rsatilgan yordam samarali bo‘lmasligi mumkin. Qusish, yurak urishida buzilishlar aniqlansa, hushdan ketish xavfi bo‘lsa, zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirish kerak.

Issiq urishi ortga surib bo‘lmaydigan tibbiy holat hisoblanadi, undan aziyat chekuvchi odam tezkor yordamga muhtoj.

Tez yordam xodimlari yetib kelgunga qadar, termik silla qurishida asqotuvchi ko‘rsatmalarga amal qilib turgan ma'qul. Samaradorlikni oshirish uchun «og‘ir artilleriya»dan foydalansa ham bo‘ladi:
1. Bemor tanasiga yupqa matoga o‘ralgan muz qo‘ying (muzlatilgan meva-sabzavotlar ham bo‘lishi mumkin).
2. Tana haroratini tezroq pasaytirish uchun sovuq suvli vannaga tushish kerak. Faqat ahamiyat berish lozimki, bu holatda issiq urgan bemorga yordam beruvchi odamlar bo‘lishi kerak. Yolg‘iz bo‘lganda suvga tushish xavfli.

Shifokorlar yetib kelishgach, bemor holatini baholashadi. Issiq urishida ko‘rsatilgan birinchi yordam yetarli natija bergan bo‘lsa, gospitalizatsiyaga hojat bo‘lmasligi ham mumkin. Tanadagi yo‘qotilgan elektrolitlar o‘rnini to‘ldirish uchun tomchi ukol buyuriladi, qon va siydik tahlillari, ichki organlar holatini o‘rganish uchun ultratovush tekshiruvidan o‘tish tavsiya qilinadi. Terapevt natijalarni ko‘rib chiqib, bundan keyin nima qilish kerakligi borasida o‘z maslahatlarini beradi.

Xavfsizlik choralari

Agar siz oftob urishidan aziyat chekkan bo‘lsangiz, yaqin haftalar davomida yuqori haroratga nisbatan ayniqsa sezuvchan bo‘lib qolasiz. Shuning uchun quyidagi xavfsizlik choralariga amal qiling.
1. Ko‘proq suyuqlik iching
Quyosh ostida o‘tuvchi har bir soat uchun 2-4 piyola ichimlik (suv, meva yoki sabzavot sharbati) eng to‘g‘ri me'yor hisoblanadi, ayniqsa jaziramada jismoniy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lsangiz. Terlash davomida tanangizdagi namlik kamayib borishiga yo‘l qo‘ymang.

2. Kunning eng issiq vaqtlarida salqin joyda bo‘lishga harakat qiling
Yoz kunlarida kunduzgi 11:00dan 5:00gacha vaqt oralig‘i eng xavfli hisoblanadi. Aynan shu davrda quyosh nurlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushishidan ehtiyot bo‘ling.

3. Yorqin rangdagi yengil kiyim tanlang
Kiyimingiz iloji boricha keng va havo o‘tkazuvchan bo‘lishi kerak.

4. Bosh kiyimni unutmang
Shlyapa yoki panamalar oftob urishini qaytarishga qodir. Kepkalar issiq kunda maqbul tanlov emas, bosh kiyim yupqa va kattaroq bo‘lgani ma'qul.

5. Tez-tez sovuq suvli dush yoki vanna qabul qiling
Bu tana haroratini tushiradi.

6. Tarkibida alkogol yoki kofein bo‘lgan ichimliklar ichmang
Ular suvsizlik darajasini yanada oshradi va qon tomirlarini taranglashtiradi. Buning natijasida tana kam terlaydi, sovishi qiyinlashadi.

7. Siydik rangini nazorat qiling
Rang to‘qlashishi tahlikali suvsizlikdan darak beradi.

Mavzuga oid
Top