18:10 / 21.06.2019
5981

MB so‘rovnomasi: Respondentlarning 54 foizi xorij valutasida jamg‘armaga ega

Markaziy bank tashqi sektor statistikasini yaxshilash maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini taqdim etdi.

To‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya (tashqi sektor) hisobini yaxshilash doirasida 2019 yilning 31 mayidan 13 iyuniga qadar aholi orasida anonim tarzda so‘rovnoma o‘tkazildi.

So‘rovnomani to‘ldirishda qulaylik yaratish hamda keng auditoriyani qamrab olish maqsadida, so‘rovnoma internet tarmog‘ida ijtimoiy tarmoqlar platformalari orqali tarqatildi. 

So‘rovnoma  uch qismga bo‘lingan bo‘lib, quyidagi mazmundagi savollarni o‘z ichiga olgan:
- chet el valutasidagi jamg‘armalar to‘g‘risida;
- tijorat maqsadida O‘zbekistonga olib kirilgan va O‘zbekistondan olib chiqilgan tovarlar to‘g‘risida (mokkilik savdosi);
- chet eldan olinayotgan va/yoki ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordam to‘g‘risida. 

So‘rovnomada jami 2165 nafar respondent ishtirok etdi.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 54 foiz respondent (1170 kishi) chet el valutasida jamg‘armalari mavjudligini ma'lum qilgan. 

Aholining viloyatlar kesimidagi o‘rtacha daromadlarini hamda respondentlarning javoblarini inobatga olgan holda jamg‘armalarning o‘rtacha miqdori jon boshiga 1 134 dollar ekanligi ma'lum bo‘ldi. Shunday qilib, hisob-kitoblar hamda mehnatga layoqatli aholi soni to‘g‘risidagi ma'lumotlar asosida, chet el valutasidagi jami jamg‘armalar summasi 10,2 mlrd. dollar miqdorida baholandi.

Top