08:20 / 21.06.2019
21134

Tbilisida Rossiya dumasi deputati sababli norozilik namoyishlari boshlandi

Foto: AP Photo/Zurab Tsersvadze

20 iyundan 21 iyungacha o‘tar kechasi Tbilisida Gruziya parlamenti binosi yonida ko‘p ming kishilik norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Namoyishning boshlanishiga Rossiya davlat dumasi deputati Sergey Gavrilov va Xalqaro pravoslaviya assambleyasi 26-sessiyasidagi boshqa rossiyalik delegatlar ishtirokidagi mojaro sabab bo‘lgan.

Gap shundaki, Gavrilov assambleya prezidenti sifatida Gruziya parlamenti binosida sessiya yig‘ilishini ochib bergan. Gruziya parlamenti muxolif deputatlari Gavrilov delegatlarga parlament raisi kursida o‘tirib murojaat qilganidan achchiqlanishgan. Muxolifat vakillari norozilik sifatida tribuna va parlament spikeri kursisini o‘rab olib, assambleya ishining davom etishiga yo‘l berishmagan. 

Shundan keyin parlament binosi yonida soat 19:00 atrofida muxolifat chaqirig‘iga ko‘ra odamlar yig‘ila boshlagan. Ular Gavrilovni Gruziyaga qo‘ygan ichki ishlar vaziri Georgiy Gaxariya va parlament raisi Irakliy Kobaxidzening iste'fosini talab qila boshlashgan. Keyinroq namoyishchilar parlament binosini shturm qilishga urinishgan. Politsiya namoyishni tarqatish uchun maxsus vositalar – suvotgichlar, rezina o‘qlar va ko‘zni yoshlatuvchi gaz qo‘llashiga to‘g‘ri kelgan.

Muxolifat bo‘lib o‘tgan voqeada hukumatni, hukumat o‘z navbatida muxolifatni adovatni qo‘zg‘ashda ayblagan.

Ma'lum qilinishicha, namoyishlar vaqtida 52 kishi, jumladan 38 politsiyachi jabr ko‘rgan. Shifoxonalarga bir necha o‘n kishi yetkazilgan. 

Keyinroq Xalqaro pravoslaviya assambleyasi ishini yakunlash va Rossiya delegatsiyasining Gruziyani tark etishiga qaror qilingan. Gruziyaning hukmron partiyasi “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” vakillari Rossiya vakili yig‘ilishni ochishi kerakligini bilmaganlari va protokol xizmati tomonidan xatoga yo‘l qo‘yilganini aytishgan.

Mavzu
Gruziyadagi mojarolar
Gruziyada 20 iyun kuni Rossiyaga qarshi mitinglar boshlandi
Barchasi
Mavzuga oid
Top