22:02 / 22.06.2019
27370

Fuqaroviy va xizmat qurollarini qaysi hollarda qo‘llash mumkin?

Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida “Qurol to‘g‘risida”gi qonun ma'qullandi. Kun.uz muxbirining ma'lum qilishicha, ushbu qonun Prezident tomonidan imzolanganidan so‘ng 6 oy o‘tgach, rasman kuchga kiradi.

O‘zbekiston hududida qurol bilan muomala, uning huquqiy izohi, turlari va boshqa munosabatlariga oydinlik kiritilgan mazkur qonunda fuqaroviy va xizmat qurolidan foydalanish holatlari ham belgilab berilgan.

Qonunning 26-moddasida qayd etilishicha, fuqaroviy va xizmat qurolini saqlash hamda olib yurish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar zaruriy mudofaa holatida yoki o‘ta zarur holatda o‘z hayoti va sog‘lig‘ini, boshqa fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini hamda mol-mulkni himoya qilish uchun qurolni qo‘llashi mumkin.

Shu bilan birga, qurolni qo‘llashdan avval, qarshi qurol qo‘llayotgan shaxsni aniq ifodalangan tarzda ogohlantirishi kerak. Ogohlantirish imkoni bo‘lmasa, yoki qurolni kechroq qo‘llashi fuqarolar va qurol egasining hayotiga bevosita xavf tug‘dirsa yoxud boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lganda, ogohlantirishsiz qo‘llashga ruxsat beriladi.

Ammo, qurolning qo‘llanilishi uchinchi shaxslarga zarar yetkazmasligi kerak.

Qonun moddasida qayd etilishicha, homiladorlik belgilari ko‘rinib turgan ayollar, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslar, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma'lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan fuqaroviy va xizmat qurolini qo‘llash taqiqlanadi. Ammo, ular qurolli qarshilik ko‘rsatganda, fuqarolarning yoxud qurolni qo‘llayotgan shaxsning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid etib hujum qilinganda, yuqoridagi shaxslarga qarshi qurolni qo‘llash mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, qurol egasi qurolini qo‘llagan, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazgan har bir holat to‘g‘risida qurol qo‘llanilgan joydagi ichki ishlar idorasiga darhol xabar qilishi shart hamda fuqarolar sog‘lig‘iga zarar yetgan taqdirda, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishi, birinchi yordam berilishi choralarini ko‘rishi kerak.

Ichki ishlar idorasi esa, shu kabi har bir holat bo‘yicha prokurorga darhol xabar qiladi.

Top