21:51 / 22.06.2019
54654

Turkmaniston prezidentiga «Ashxobod-siti»ning ulug‘vor loyihasi namoyish etildi (video)

20 iyun kuni Ashxobod shahar hokimligida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov yig‘ilish o‘tkazib, mamlakat poytaxtining shimoliy qismida barpo etilayotgan yangi shahar qurilishi ishlari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda «Turkmandavlatxabarlari» davlat axborot agentligi.

Prezidentga bo‘lajak qurilish loyihasining eskizi namoyish etilgan, shuningdek, Arxitektura va qurilish vazirligi, arxitektura-qurilish instituti hamda Badiiy akademiya o‘qituvchilari va talabalari tomonidan tayyorlangan hajmli maket namoyish etilgan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, shahar ichidagi shahar allaqachon «Ashxobod-siti» degan norasmiy nom olgan va u 744 gektar maydonni egallaydi. Unda 200 dan ziyod bino bo‘ladi, ularning 180 tasini 12 qavatdan tortib 35 qavatgacha bo‘lgan turar-joy binolari tashkil etadi. To‘rtta o‘rta maktab va yana shuncha bolalar bog‘chasi bo‘lgan mikrotuman 107 ming kishining yashashiga mo‘ljallangan.

Berdimuhamedovning so‘zlariga ko‘ra, obektlar dizayn va qurilish sifati nuqtai nazaridan zamonaviy standartlarga mos bo‘lishi, energiya sarfi, chiqindilarni qayta ishlash va tabiatni asrash jihatidan ekologik talablarga javob berishi kerak.

«Yangi shahar mamlakat poytaxtining shimoliy qismini aholi va investorlar uchun mehnat qilish va bines yuritish imkoniyatini beruvchi yangi iqtisodiy markazga aylantirishi, tadbirkorlik va innovatsiyalarni rivojlantirish uchun muhit bo‘lishi kerak, shuningdek, Ashxobod aholisining o‘sib borishi prognozlari hisobga olingan holda shahar hududining kengaytirilishi uchun asos bo‘lmog‘i kerak», — deb yozadi TDX.

G.Berdimuhamedov sitining qurilishida «Davlat — inson uchun!» shioriga amal qilishni buyurgan.

Top