15:00 / 23.06.2019
20053

Foto: Toshkentda qayta qurilayotgan «Eshon Boboxon» jome masjidiga tamal toshi qo‘yildi

Foto: O‘MI matbuot xizmati

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Shayxontohur tumanidagi «Eshon Boboxon» jome masjidining yangidan barpo etilayotgan binosiga birinchi g‘ishtni qo‘yib berdi. Bu haqda O‘MI matbuot xizmati ma'lum qildi.

Jome masjid poydevoriga tamal toshini qo‘yish jarayonida muftiy ushbu masjid mo‘min-musulmonlar uchun ziyo va hidoyat tarqatuvchi, yoshlar ma'rifati yuksalishida hissa qo‘shadigan dargoh bo‘lishini tilab, quyidagilarni bayon qildi:

—O‘tgan Ramazon oyida uchta masjid bunyod etildi, muborak oy yakunlanishi bilanoq yana bir masjidni ochilish marosimini o‘tkazdik. Bugun esa muftiylar sulolasining avvallari bo‘lmish Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon nomlaridagi jome masjid tubdan qayta qurilishi uchun tamal toshini qo‘yishga jam bo‘lib turibmiz.

Eshon Boboxon hazratlari eng og‘ir davrlarda O‘zbekiston xalqi, uning tinchligi, odamlarning diniy sohada to‘g‘ri yo‘ldan borishi uchun juda katta xizmat qilgan. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi, muftiy sifatida esa beshta davlat ulamolarini bir o‘zanga solib, mo‘'min-musulmonlarning hamjihatligini ta'minlashga erishgan.

Ushbu masjidga har safar kelganimda tor va kichik ekanini ko‘rib, ulug‘ olim nomiga munosib shaklda qayta bunyod etishni dilimga jo qilib yurardim. Allohning izni ila mana shu kunlarga ham yetib keldik. Ushbu mahalla ahlining sa'y-harakati, saxovatpesha insonlarning himmati bilan mazkur masjidni juda ham go‘zal shaklda qayta bunyod etish ishlari boshlandi.

«Eshon Boboxon» jome masjidi loyihasi o‘ziga xosligi, milliy hamda zamonaviy masjidlarning uslublarini o‘zida aks ettirgani bilan ajralib turadi. Xonaqoh va pastki qism jami 3000 namozxonni sig‘dirishga mo‘ljallangan. Shuningdek, ayollar uchun alohida tahoratxona va namozxona o‘rin olishi rejalashtirilgan.

Top