19:00 / 24.06.2019
6151

Pompeo Saudiya podshohi bilan «samarali» uchrashuv o‘tkazdi

AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Saudiya Arabistoniga bordi va mamlakat podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud bilan uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida tomonlar Eronning Yaqin Sharqda parokandalik keltirib chiqarayotgan harakatlarini muhokama qilishdi.

Pompeo tvitterdagi sahifasida podshoh bilan uchrashuvi haqida shunday deb yozdi: «Janobi oliylari qirol Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud bilan samarali uchrashuv o‘tkazdik. Mintaqadagi keskinlik va Hurmuz ko‘rfazining xavfsizligi haqida gaplashdik. Ko‘rfaz xavfsizligini ta'minlash asosiy masala hisoblanadi».

Shundan so‘ng AQSh davlat kotibi valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon bilan ham uchrashdi. Uchrashuvlarning aniq tafsiloti ochiqlanmagan. Tomonlar mintaqadagi keskinlikdan tashqari yaqinda AQSh senati tomonidan bekor qilingan 8 milliard dollarlik qurol-yarog‘ savdosi borasidagi 22ta shartnomani muhokama qilishgani ham aytilmoqda. Chunki Pompeo senatning bu qarorini ma'qullamagandi.

23-30 iyun kunlari Osiyo bo‘ylab turne o‘tkazadigan Pompeo Saudiyadan so‘ng BAA, Hindiston, Yaponiya va Janubiy Koreyada ham bo‘ladi.

Top