19:10 / 03.07.2019
34958

Samarqanddagi 60 nafar bolani chala binoda saqlagan MTM haqida rasmiy ma'lumot berildi

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi ichki audit xizmati tomonidan 2018 yilda Toshkent shahri va respublika viloyatlarida maktabgacha ta'lim tashkilotlariga (MTT) tegishli yo‘llanmasiz qatnayotgan 1059 nafar bolalar aniqlangani ma'lum qilingandi. Unda jumladan Samarqand shahridagi 58-sonli MTMda o‘tkazilgan tekshiruv natijalari e'lon qilingan va bu MTM yaqinidagi hali qurib bitirilmagan binoda 60 nafar bola yo‘llanmasiz «tarbiyalanayotgani» aniqlangandi.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Samarqand viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi bu borada rasmiy ma'lumot berdi: «2018 yil 19 iyulda Maktabgacha ta'lim vazirligining ishchi guruhi tomonidan Samarqand shahridagi 58-MTMda o‘rganish o‘tkazilganda 60 nafar bola ro‘yxatdan o‘tkazilmay tarbiyalanib kelayotgani, muassasa hududidagi qurilishi tugallanmagan binoning ikkinchi qavatida 20 nafar tarbiyalanuvchi yashirinib o‘tirgani aniqlangandi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib MTM mudirasi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, uning noqonuniy hatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar 2018 yil 20 iyul kuni viloyat prokuraturasiga yuborilgan. Holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov yakunlariga ko‘ra ayblov xulosasi JIB Samarqand shahar sudiga oshirilgan.

Samarqand shahar JIB sudining 2019 yil 11 martdagi hukmiga asosan MTM mudirasi J.Kning 167-moddasiga asosan 2-qismi «g» bandi, 209-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilgan. MTM mudirasi J.Kning 59-moddasiga asosan 1 yil muddatga korxona, muassasa yoki tashkilotlarda mansabdor shaxs hamda moddiy javobgar shaxs lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan bo‘lib u har oylik ish haqining 20 foizi davlat foydasiga ushlab qolingan holda 1 yil-u 2 oy axloq tuzatish ishlariga jalb qilish jazosi tayinlangan»,- deyiladi Kun.uz'ga taqdim qilingan bayonotda.

Top