12:40 / 06.07.2019
28714

Foto: Xonobodda «archalar qabristoni»

Bahavo va so‘lim maskan sifatida «O‘zbekiston Shveytsariyasi» nomini olgan Xonobod shahri so‘nggi ikki yil ichida o‘zgacha qiyofa kasb etib, xorijlik mehmonlarni ham o‘ziga mahliyo qilib kelmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti 2018 yilning 19-20 may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur hududni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr bildirar ekan, «Xonobod yaqin yillarda ham respublikamizning eng go‘zal maskanlaridan biri edi. Endi u o‘zining avvalgi shuhratini qaytarishi lozim», deya ta'kidlagandi. Ortda qolgan bir yil muddat ichida bu yerda yuzlab zamonaviy imoratlar qad rostlab, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari avj olmoqda.

Xontog‘ etagida joylashgan shaharga qilgan sayohatimiz davomida bir olam taassurot va xotiralar olish barobarida ona tabiatga dog‘ tushirib turgan xunuk manzara guvohiga ham aylandik. Ya'ni, shahar markaziy dafn etish joyining yuqori qismi, «Xonobod» sanatoriysi orqasidagi choyxona pastida joylashgan adirdagi minglab archalar qurib-qaqshab yotibdi. «Archalar qabristoni»ni kezar ekanmiz, suvsizlikdan qurib qolgan bu archalarga obi-hayot ulashgan rezina quvurlar ham quyosh nurlari ta'siridan yaroqsiz holatga kelib qolganiga ko‘zimiz tushdi.

E'tiborimizni tortgan ushbu holat bo‘yicha mahalliy aholi vakillarining fikr-mulohazalarini eshitdik.

«O‘qituvchi va pensionerlardan pul yig‘ilgan»

Xonoboddagi maktablardan birida ishlagan sobiq o‘qituvchining (u shaxsi sir tutilishini istadi) so‘zlariga ko‘ra, archalar 2018 yilning mart-aprel oylarida ekilgandi.

«Shahrimizning birinchi hokimi, jonkuyar me'mori-yu bog‘boni Solijon Mehmonov Xonobodga 20 yildan ziyod vaqt mobaynida rahbarlik qilgan bo‘lsa, u doim shu yerning gullab-yashnashiga hissa qo‘shib, qayerga qanday ish bilan bormasin, albatta, turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini olib kelib, parvarishlashni kanda qilmagan ekan. Bugun u inson ekkan daraxtlar tufayli Xonobod chiroy ochib, soya-salqindan odamlar bahramand bo‘lishyapti. Hozirgi hokimimiz bir yil oldin «Kim o‘zini Xonobod farzandiman, desa bir donadan daraxt eksin», deya tashabbus bildirgan. O‘shanda hatto o‘qituvchi va pensionerlardan ham majburiy tarzda archalar uchun pul yig‘ilgan. Savob va yurt obodligiga hissa qo‘shish maqsadida o‘sha archalarga pul berishdan og‘rinmaganmiz. Ammo archalarning hozirgi ahvolini ko‘rib, ichimiz judayam achishadi. Axir bu yerga ko‘plab odamlarning mehnati va mablag‘i sarflangandi-ku? Nahotki, uvoldan qo‘rqishmasa?!», deydi u.

Mazkur manzara yuzasidan Xonobod shahri hokimi Musaxon Mamadaliyevning fikrlarini olish maqsadida unga qo‘ng‘iroq qildik. Hokimning asabi buzilgan paytda sim qoqdik shekilli, undan quyidagicha javob oldik: «Toshkentda turib, men bilan qurigan archa haqida gaplasha olmaysiz. Siz avliyomisiz, qurigan archa to‘g‘risida so‘rasangiz javob beraversam. Siz kimsiz, «Men ko‘rib keldim», deb savol berib, javob oladigan. Savol-javobingiz bo‘lsa, oldimga kelib, o‘sha adirda men bilan birga yuring, qilayotgan ishimni ko‘ring. Men ham jurnalistika sohasida o‘qiganman...».

«Yangi archalar ekiladi»

Shundan so‘ng shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Azimov bilan bog‘landik.

«O‘tgan yilning kuzida o‘tqazilgan bu archalarni ko‘kartirib berish kafolatini zimmasiga olgan Namangan viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi GM Uzbekistan kompaniyasi (hozirgi UZAUTO MOTORS – tahr) bilan shartnoma tuzgan. Archalar ekilgan joy mazkur tashkilotlarga biriktirilgan. Adir tuprog‘i doimiy qizib turgani va u yerlarda suv yurmasligi tufayli tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. Lekin keyinroq suv muammosi sabab shu holatga keldi. «Xonobod» sanatoriysi ichidagi qurigan archalarning barchasini bahorda almashtirishdi. Siz nazarda tutayotgan archalar o‘rniga ham kuzda yangilari ekilishi rejalashtirilgan», deydi u.

Bir qarashda ayrimlar uchun shaharning maftunkor tabiati oldida qurigan archalar jiddiy kamchilikdek tuyulmasligi mumkin. Ammo bu tarzdagi beparvolik va ishni chala qoldirish boshqa katta muammolarga olib kelmasligiga kim kafolat bera oladi? Ekoturizmni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan bu kabi omillarga barham bermasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin.

Katta mehnat va mablag‘ evaziga barpo qilingan ushbu «archalar qabristoni» yaqin oylarda yana bo‘stonga aylanib, ko‘rkam manzara hosil bo‘lishiga umid qilib qolamiz.

Mirolim ISAJONOV

Mavzuga oid
Top