14:30 / 06.07.2019
33120

Prankni maktab o‘quvchilari amalga oshirgan. Samarqanddagi «tramvay voqeasi» bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

5 iyul kuni internetda Samarqandda tibbiy niqob kiygan o‘spirin yigit bekatda tramvayga yugurib kirib, yo‘lovchilarning yuziga noma'lum suyuqlikni sepib, qochib ketdi, degan mazmunda xabar tarqaldi. Xabarlarda yuzlariga ushbu suyuqlik tekkan yigitlar shu zahoti hushini yo‘qotgani, qolgan yo‘lovchilar esa, vahimaga tushib, tramvaydan yugurib tushib ketgani aytilgandi.

Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, voqea 2019 yil 4 iyul kuni bo‘lib o‘tgan. Soat 19:40 atrofida Samarqand shahridagi 1-tramvay yo‘nalishining choy fabrikasi bekatida 2003 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahridagi 33-umumta'lim maktabi 8-sinf o‘quvchisi D.T. yo‘lovchilarning yuziga noma'lum suyuqlik sepgan. Yo‘lovchilar orasida bo‘lgan uning oldindan kelishgan sheriklari esa atayin o‘zini hushini yo‘qotganlikka solgan. Tramvaydagi boshqa yo‘lovchilar voqeadan qo‘rquvga tushgan. 

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasiga ko‘ra, qolgan ishtirokchilar ham maktab o‘quvchilari bo‘lib chiqdi. Jumladan, Samarqand shahridagi 33-umumta'lim maktabi 11-sinf o‘quvchisi A.I, 7-sinf o‘quvchisi S.M. 42-umumta'lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi T.Yu, 11-sinf o‘quvchisi A.I, 43-umumta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi D.B, 8-sinf o‘quvchisi R.M.lar ekani aniqlangan. O‘quvchilar mazkur voqeani tasvirga olib ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan.

Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan mazkur voqea yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda. Viloyat xalq ta'limi voqea yuzasidan munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, voqea yozgi ta'til davrida sodir bo‘lgani uchun maktablar ma'muriyatiga chora ko‘rilmagan bo‘lib bu davrda mas'uliyat ota-onalarning zimmasida hisoblanadi.  

Top