20:42 / 07.07.2019
4876

Stereotip aniq fanlar rivojiga to‘sqinlik qilmoqda - RB Asia va Jahon banki hisoboti

RB Asia tashkiloti Jahon banki bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqoti natijasida aniq fanlar rivojiga stereotiplar salbiy ta'sir qiladi degan xulosaga keldi.

Qizlar va nogironligi bor shaxslarning oliy ta'lim olishiga to‘sqinlik qilayotgan sabablarni o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, qizlar aniq fanlar bilan shug‘ullanishda ayrim to‘siqlarga uchramoqda. 

«Buning sabablaridan biri matematika (aniq fanlar) bilan erkaklar shug‘ullanishi kerak, ayollarga esa ijtimoiy fanlar ko‘proq mos keladi, degan noto‘g‘ri tushunchaning shakllanib qolganidir», — deydi tadqiqot ustida ish olib borgan Muzaffar Mirzayev.

Uning aytishicha, tadqiqot natijalari O‘zbekistonda ham aniq fanlar bilan shug‘ullanishni istaydigan qizlar sonining ko‘pligi va ularning matematika fanidan bilimlari yigitlar bilan bir xil, ayrim hollarda esa ulardan ham kuchli ekanligini ko‘rsatdi.

Uch bosqichda o‘tkazilgan ushbu tadqiqot Oliy ta'lim vazirligi bilan hamkorlikda Respublikaning Samarqand,Toshkent kabi yirik 6 ta viloyatida kollej, maktab bitiruvchilarini qamrab olgan holda bo‘lib o‘tgan.
BMTning hamkorlik dasturiga asosan, 2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlari har bir shaxsning qiziqishini inobatga olish, inson huquqlarini ta'minlash, gender tengligi va ayollar uchun imkoniyatlarning kengaytirilishi, tashqi ta'sirlarga chidamlilik, barqarorlik, hisobdorlik prinsiplari asosida amalga oshirilishi lozim

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyevning ta'kidlashicha, Oliy Majlis Senati raisligiga ayol kishining saylanishi mamlakatda gender tengligini ta'minlash yo‘lidagi muhim siyosiy qadam bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top