16:03 / 07.07.2019
17832

Uzauto Motors rahbari lokalizatsiya darajasini 90 foizga ham yetkazish mumkinligini aytdi

Foto: Askar Yakubov

Uzauto Motors bosh direktori v.b. Rustam Rajabovga ko‘ra, Uzauto Motors zavodida lokalizatsiya darajasini 90 foizgacha yetkazish mumkin. Biroq buning uchun bizda xomashyo bazasi yetarli shakllanmagan. Vodiydagi O‘zavtosanoat tarkibiga kiruvchi korxonalarga tashkil etilgan press-tur chog‘ida shunday fikrlar bildirildi. 

«Lokalizatsiya juda muhim masala. 2018 yilda bu raqam 55,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil 60 foizdan oshadi. 2021 yilda lokalizatsiya ko‘rsatkichini 64 foizdan oshirmoqchimiz. Buni 90 foizga ham chiqarish mumkin. Afsuski, bizda avtomobil po‘lati ishlab chiqarilmaydi. Chunki u boshqa turdosh mahsulotlarga o‘xshamaydi. Bu mahsulotni Rossiya, Xitoy va Koreyadan xarid qilamiz. 

Toshkent metallurgiya kombinatiga ishonib turibmiz, ammo u ham bizlar foydalanadigan 40 turdagi po‘latdan 4-5tasini yetkazib bera olishi mumkin. Shunga qaramay, biz ular bilan hamkorlik qilyapmiz. O‘z standartlarimiz va texnologiyalarimizni tushuntirdik», - dedi Rustam Rajabov.

U, shuningdek, Xitoy texnologiyasi asosida shinalar ishlab chiqaruvchi zavod qurilganini aytar ekan, yil oxiridan boshlab shinalar xorijdan keltirilmasligi, balki mahalliy ishlab chiqaruvchi mahsuloti o‘rnatilishini bildirdi. 

«Avtomobilda 1500 detal ishlatilsa, shuning yarmini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Qolgan yarmining aksariyati esa, noyob qismlardir. Misol uchun, xavfsizlik yostiqchalarini dunyoda ikkita kompaniya ishlab chiqaradi. Boshqa avtomobilsozlik kompaniyalariga ham o‘sha ikkita kompaniya yetkazib beradi. Chunki, bu juda murakkab texnologiyadir. Shuning uchun bu ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilishning ilojisi ham yo‘q, niyatimiz ham. Axir, undan kamida 10 mln dona ishlab chiqarish lozim. 

Yoki, masalan, avtomobil bort kompyuterini dunyoda atigi 3ta kompaniya ishlab chiqaradi. GM kompaniyasining o‘zi ham ayni mahsulotlarni xarid qiladi. Shunga o‘xshagan butlovchi qismlar ko‘p va ularni biz mahalliylashtirishni rejalashtirmayapmiz», - Rustam Rajabov.

Top