22:13 / 08.07.2019
5639

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi xalqaro va xorijiy tuzilmalar bilan hamkorlik qilish uchun hamisha ochiq

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari shu yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovoldi holati va unga tayyorgarlikning borishini baholash uchun Toshkentga keladi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Gulnoza Rahimova bu borada tushuntirish berdi.

- Bugungi kunda demokratik saylov tizimini rivojlantirish uchun ko‘plab vositalar va usullar yaratilgan bo‘lib, ulardan biri xalqaro saylovni kuzatish institutidir. Bu institut ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash, saylov jarayonining ishonchliligini oshirish, shuningdek, demokratik saylovlarni o‘tkazish masalalari bo‘yicha tajriba va axborot almashish imkonini beradi.

Ta'kidlash joizki, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasidagi saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish imkoniyati O‘zbekiston Saylov kodeksida ko‘zda tutilgan. Ularga saylov jarayonining barcha davrlarini qamrab oladigan - saylovga tayyorgarlikdan uni o‘tkazish, saylov natijalarini e'lon qilishgacha, shu jumladan, saylov kuni saylov uchastkasida kuzatuv olib borish va ovozlarni sanab chiqishgacha bo‘lgan jarayonni kuzatish huquqiga berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi EXHT a'zosi sifatida demokratik saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan.

Alohida ta'kidlash joizki, YeXHT DIIHBning bo‘lajak saylovlarni kuzatish uchun taklif etilishi mamlakatimizning erkin, adolatli va haqqoniy saylovlarni tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga sodiqligidan, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovni milliy qonunchilik va umume'tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga to‘liq muvofiqlikda o‘tkazishga qat'iy qaror qilganidan dalolat beradi.

Bu safar Markaziy saylov komissiyasi YeXHT DIIHBga parlamentga bo‘lajak saylovlarni kuzatishda ishtirok etish uchun saylovlardan olti oy oldindan taklifnoma yubordi. Shu munosabat bilan Missiya mamlakatimizda o‘z faoliyatini muntazam ravishda amalga oshirayotganini ta'kidlamoqchiman, bu tashrif birinchi emas. Avvalroq Missiya 2004, 2009, 2014 va 2016 yillarda mamlakatimizda faoliyat olib borgan.

Mavjud amaliyotga muvofiq, YeXHT DIIHB saylovlarni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, uning shakli, muddati va saylovga tayyorgarlik holatini baholash natijalari asosida zarur kuzatuvchilar sonini, milliy saylov qonunchiligining umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqligi tahlili bo‘yicha qaror qabul qiladi.

Missiya tashrifi doirasida Tashqi ishlar vazirligi, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlis palatalari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Oliy sud, Adliya vazirligi, Milliy teleradiokompaniya, Axborot va kommunikatsiya agentligi hamda siyosiy partiyalar va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.

Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha Missiya samarali, ishonchli va professional saylov kuzatuvlari, siyosiy plyuralizm, shaffoflik va jamoatchilikning saylov jarayoniga ishonchi hamda DIIHBning avvalgi saylovlarni kuzatish natijalari bo‘yicha tavsiyalarining bajarilishi kabi kabi saylov o‘tkazish uchun minimal shartlarning mavjudligi mezonlari aks ettiriladigan o‘z xulosasini tayyorlaydi.  

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi xalqaro va xorijiy tuzilmalar bilan hamkorlik qilish uchun hamisha ochiqdir, bu munosabatlar erishilgan yutuqlar va tajribalar uchun muhim ahamiyatga ega.

Mavzuga oid
Top