11:35 / 09.07.2019
14165

O‘zbekiston yana Kobul va «Tolibon» muzokaralari uchun maydonchaga aylanishi mumkin

Kobul va «Tolibon» o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatilishi bilan O‘zbekistonda navbatdagi muzokaralar bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda GFRning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Markus Potsel afg‘on jurnalistlariga ma'lum qildi.

8 iyul kuni Dohada «Tolibon» harakati vakillarining afg‘on siyosatchilari, jumladan, Afg‘oniston hukumati xodimlari bilan uchrashuvi nihoyasiga yetdi, deya xabar beradi «Kommersant'».

Uchrashuvda barcha «xususiy shaxs sifatida» ishtirok etdi - toliblar Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketish jadvali muvofiqlashtirilmagunga qadar rasmiy muzokaralar olib borishdan bosh tortmoqda. Garchi tomonlar qo‘shma bayonot imzolanishi haqida e'lon qilgan bo‘lsalar-da, dushanba kuni kechgacha uni muvofiqlashtirishga ulgurishmadi.

Dohada afg‘onlararo navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tganining o‘zi ko‘p yillik mojaroni hal qilish yo‘lida oldinga qo‘yilgan qadamga aylandi. 7-8 iyul kunlari Dohada «Tolibon»ning 17 nafar vakili va Afg‘onistondagi 50dan ziyod delegatlar uchrashdi.

Nashr xabariga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalari bo‘yicha uchrashuvlar davom ettiriladi. Germaniyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Markus Potsel afg‘on jurnalistlariga ma'lum qilishicha, bunday uchrashuvlar «O‘zbekistonda yoki Yevropada» o‘tkazilishi mumkin. Tolo News afg‘on telekanali manbalariga ko‘ra esa, bunday uchrashuv maydonchasiga Norvegiya aylanadi.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani 31 mart kuni Kobulda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

«Agar toliblar Afg‘oniston hukumati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashib olishga tayyor bo‘lsa, O‘zbekiston muzokaralarni qabul qilishi mumkin», - degandi Komilov.

Top