20:00 / 09.07.2019
15734

Samarqanddagi oliygohlarda uzun navbatlar – mas'ullar dastur yaxshi ishlamayotganidan norozi

Qabul jarayonini o‘rganish maqsadida Samarqand davlat universitetida bo‘lganimizda taxminan to‘rt yuzga  yaqin (!) abituriyentlarning hujjat topshirish uchun navbatda turganiga guvoh bo‘ldik. Bu Samarqanddagi barcha oliy o‘quv yurtlari ichida eng katta navbat edi.

Navbat katta va tartibsiz, shu sababdan bo‘lsa kerak hatto yordamga kelgan ichki ishlar xodimlari ham ba'zan tartibni saqlashda qiynalib qolishmoqda. Universitet ma'muriyatining bildirishicha, hatto milliy gvardiyani yordamga chaqirishga ham majbur bo‘lishgan.

Xo‘sh, nima sababdan bu qadar uzun navbatlar paydo bo‘lmoqda?

Universitet qabul komissiyasi mas'ul kotibi bir qator omillarni sanab o‘tdi. Ulardan eng asosiysi, Davlat test markazi saytidagi maxsus dastur yaxshi ishlamayotgani, sayt qotib qolayotgani bilan bog‘liq ekan.

SamDU qabul komissiyasi mas'ul kotibi Rahmatulla Mirzayev navbatlar sababiga to‘xtaldi.

«Samarqand davlat universiteti qabul komissiyasida qirqta kompyuterda mutaxassislar o‘tiribdi. Har bir abituriyentga 5 daqiqa ajratilganda ham ikki soat ichida ming kishining hujjatlarini qabul qilish mumkin. Afsuski, kuni bilan kompyuter bazasi besh-olti martalab, bir qotganda 40 daqiqagacha qotib ishlayapti. Oqibatda uzundan-uzun navbatlar paydo bo‘lmoqda. Yana qator omillar bor. Prezidentimizning tegishli qarori bilan beshta oliy o‘quv yurtida hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish davlat xizmatlari markaziga tushgan.

Bular Toshkent davlat yuridik universiteti, Qoraqalpog‘iston Davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti va Samarqand davlat universiteti. Davlat xizmatlari markazi ishni qanday tashkil etgan, buni biz bilmaymiz.

Aslida, beshta oliy o‘quv yurtida hujjat ro‘yxatdan o‘tmaslik kerak. Masalan, Toshkent davlat universitetiga borsangiz, birorta hujjat qabul qilinmayapti. Bizdagi 50ta yo‘nalishdan 9tasida ijodiy imtihonlar bo‘lgani uchun ularning hujjatini qabul qilishimiz lozim. Bundan tashqari, nogironlar, imtiyozlilar, xorij fuqarolari hamda o‘zga tilli guruhlar. Ammo amalda barcha abituriyentlarni qabul qilishimizga to‘g‘ri kelyapti. Qolaversa, endilikda bir oliygoh orqali boshqa oliygohga ham hujjat topshirish mumkin. Shuning hisobiga ham hozir juda katta navbat yuzaga kelgan. Biz Davlat test markazi maxsus dasturi orqali ishlaymiz. Bir vaqtning o‘zida respublikamiz bo‘yicha 6 mingga yaqin operator ishlayapti. Dastur qotib qolyapti, ba'zi paytda umuman ishlamayapti. Yana bir tomoni, endilikda aytaylik, bitta bizning oliygoh orqali istagan oliy ta'lim muassasasiga hujjat topshirish mumkin», — deydi R.Mirzayev. 

Bir necha nafar abituriyent qabul davlat xizmatlari orqali ham bo‘layotganidan mutlaqo bexabar bo‘lsa, yana bir necha nafar abituriyent davlat xizmatlari markazida ham xuddi shu tarzda navbat yuzaga kelganini bildirmoqda. 

«Samarqand shahrida yashayman, shahardagi davlat xizmatlari markaziga ham borib ko‘rdim, bu yil onlayn tarzda qabul qilinadi, deyishgandi. Uyda shaxsiy kompyuterimda ham urinib ko‘rdim, ammo bu tarzda hujjat topshirishning iloji bo‘lmayapti. Sayt ishlamayapti», – deydi abituriyentlardan biri.

Samarqand shahar davlat xizmatlari markazida bo‘ldik. Bu yerda ham uzundan-uzun navbat. Bu navbatlarning oxiriga yetishga ko‘zi yetmagan ayrim abituriyentlar yana institutlarga yo‘l olmoqda.

Mazkur markaz o‘rinbosari Umid Abdurahmonovning bildirishicha, markazda aholiga 83ta turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Va mazkur xizmatlar bo‘yicha ham murojaat etuvchilar soni oz emas. Bugun esa har kuni yuzlab abituriyent ham murojaat qilmoqda. Qabuldan oldin 17 kishi markazda ishlagan bo‘lsa, hozir ham xuddi shuncha ishchi. Ana shuning hisobiga davlat xizmatlari markazida quyidagicha navbat yuzaga kelgan:

Samarqand davlat chet tillar institutida navbat katta emas, ammo soat 16:50da abituriyentlardan hujjat qabul qilish to‘xtatildi. Komissiya vakili buni qabul qilingan ichkaridagi abituriyentlarning hujjatlarini rasmiylashtirish jarayoni hali yana biror soatga cho‘zilishi bilan izohladi. 8 iyul kuni Samarqand iqtisodiyot va servis institutida elektr ta'minoti uzilib qolib, hujjatlarni qabul qilish to‘xtab qolganiga guvoh bo‘ldik. Samarqand davlat tibbiyot institutidagilar ham shu muammodan xavfsirashgan shekilli dvijok olib kelib qo‘yishgan.

Samarqand davlat tibbiyot instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti va Samarqand veterinariya institutlarida ham juda katta bo‘lmasa-da navbatlar bor. Misol uchun, Veterinariya institutiga ertalab soat 9:00da kelgan abituriyent soat 12:00da ham hali hujjatini topshira olmaganini bildirdi. Qabul komissiya mas'ul kotiblari buning sababini maxsus dastur yaxshi ishlamayotgani bilan izohlashdi. Aftidan, yilda bir bo‘ladigan tadbir – OTMlarga test uchun hujjatlarni qabul qilishga yetarlicha texnik tayyorgarlik ko‘rilmagan.

Aksariyat oliygohlar qoshida banklarning sayyor kassalari tashkil etilgan. Navbat unchalik katta emas. Ammo ayrim oliygohlardagi bank sayyor kassalari yakshanba kuni ishlamagan. Samarqand davlat universitetida esa 9 iyul kunigina sayyor kassa ish boshlagan. Markaziy bank Samarqand bosh boshqarmasi vakili bu holatni shu vaqtgacha universitet tomonidan bank uchun xona ajratilmagani bilan izohladi.

Samarqand davlat chet tillar institutida yakshanba kuni institut qabul komissiyasi ishlamagani uchun bank ham ishlamagan bo‘lsa, Veterinariya institutidagi sayyor kassa shanba kuni to‘liq ishlagan, lekin yakshanba kuni ishlamagan. Markaziy bank vakilining ma'lumotiga ko‘ra, bank rahbariyati topshirig‘iga asosan, barcha OTMlarda sayyor kassalar to‘liq dam olishsiz ishlaydi.

Yana bir masala. Joriy yildan boshlab, abituriyent o‘ziga eng yaqin oliygohdan turib ham respublikaning istagan oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishi mumkin. Ammo biz oliygohlarda bu yil ham boshqa viloyatlardan uzoq yo‘l bosib kelgan abituriyentlarni uchratdik. Misol uchun, Samarqand davlat veterinariya institutiga abiteriyentlar Qoraqalpog‘iston respublikasi va Navoiy viloyatidan ham kelgan. Suhbatlashib bildikki, ular na uyda o‘tirib onlayn tarzda hujjat topshirish, na davlat xizmatlari markazi va na o‘zlariga yaqin oliygoh orqali hujjat topshirish mumkinligi haqda eshitishmagan. Aftidan, bu boradagi targ‘ibot ishlari ham yoshlarga to‘liq yetib bormagan.

Tan olish kerak, universitetda kutish uchun joy, ma'lumotlar doskasi bor. Ammo shu yil ochilgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida 15 iyundan beri qabul bo‘layotgani holda hali ham o‘qishga qabul qilish kvotasi aniq emas. Kvota haqda ma'lumot doskasida ham yozilmagan, oliygoh qabul komissiya mas'ullari ham bu haqda ma'lumotga ega emas.

Mas'ullar esa «kvota haqda ma'lumot kelishini har kuni kutyapmiz» degan izoh berdi. Xo‘sh, abituriyentlar o‘zi hujjat topshirayotgan oliygohning qabul kvotasi haqda qachon ma'lumotga ega bo‘ladi. Imtihondan keyinmi?

Anvar MUSTAFOQULOV,

Kun.uz muxbiri.

Top