17:46 / 10.07.2019
4321

O‘zbekistonlik triatlonchilar Markaziy Osiyo chempionatida uchta medalni qo‘lga kiritishdi

Joriy yilning, 29 iyun kuni Cho‘lpon-Ota shahrida mintaqadagi eng ahamiyatli sport musobaqalaridan biri – triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi va Markaziy Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Kubok Xalqaro Triatlon Ittifoqi (ITU) va Osiyo Triatlon Konfederatsiyasi (ASTC) shafeligi bilan Issiqko‘l qirg‘og‘ida o‘tkazildi. O‘zbekistonlik triatlonchilar musobaqalarda ishtirok etib, vatanga uchta medal bilan qaytishdi. Bu haqda O‘zbekiston Triatlon Federatsiyasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Markaziy Osiyo chempionati o‘smirlar o‘rtasidagi Sprint masofasida (0,75 km suzish, 20 km velopoyga va 5 km yugurish) o‘zbekistonlik sportchilar murabbiy Zarodov Viktor Mixaylovich boshchiligida quyidagi natijalarni ko‘rsatishdi:

Aleksandr Reshetnikov – Junior Men toifasida birinchi o‘rin
(1 soat 1 daqiqa 20 soniya);
Ekaterina Ryazanova - Junior Women toifasida birinchi o‘rin
(1 soat 13 daqiqa 32 soniya);
Latofat Sodiqova - Junior Women toifasida ikkinchi o‘rin
(1 soat 13 daqiqa 44 soniya).

29-30 iyun kunlari o‘tgan musobaqalarda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ukraina, Mo‘g‘uliston, Gonkong, Suriya, Yaponiya, Tayvan, Qatar va Qirg‘iziston kabi 14 mamlakatidan 300 dan ortiq sportchi ishtirok etdi. 2 mingdan ziyod tomoshabin ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlash va dam olish kunlarini sport muhitida o‘tkazish maqsadida musobaqaga tashrif buyurishdi.

Mavzuga oid
Top