14:29 / 10.07.2019
39821

Toshkentda go‘sht narxi 60 000 so‘mga chiqdi. Hokimlik arzonlashtirilgan narxdagi go‘sht 32 000 - 36 000 so‘mdan sotilayotganini eslatdi

Foto: Charly Triballeau/AFP

Dehqon bozorlarida qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxlari asossiz oshib ketishining oldini olish maqsadida Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan “Elga xizmat” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etilgan, deb xabar bermoqda poytaxt hokimligi.

Bildirilishicha, mazkur korxona uchun dehqon bozorlarining aholi gavjum va xaridorlar uchun qulay bo‘lgan joylaridan 40 ta savdo nuqtasi ajratilgan. Arzonlashtirilgan mahsulotlar aholiga naqd pulga hamda plastik kartochkalar orqali sotilayotgani aytiladi.

 “Dehqon bozorlarida go‘sht narxining barqarorligini ta'minlash maqsadida jami 30 ta savdo joylari bepul ajratib berilgan. Ular tomonidan arzonlashtirilgan narxlarda qo‘y va mol go‘shti - 1 kg. uchun 32000-36000 so‘mdan sotilishi;

tuxumning donasi 350 so‘mdan 550 so‘mgacha, muzlatilgan va yangi so‘yilgan tovuq go‘shti keltirilib 1 kg.mi 14.000-18.000 so‘mgacha narxlarda aholiga sotilishi tashkil etilgan”, - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan dehqon bozorlarining markaziy hududlaridan oziq-ovqat mahsulotlari savdosi uchun joylar ajratilgan va ularda tovarlar arzonlashtirilgan narxlarda sotilishi yo‘lga qo‘yilgan.

“Masalan: shakar 4600 so‘mdan 4850 so‘mgacha, un 2700 so‘m, guruch 5700 so‘m, o‘simlik yog‘i 8800-9000 so‘m. Bu savdo nuqtalarida ham to‘lov naqd pul hamda to‘lov terminallari orqali amalga oshirilmoqda”, - deyilgan ma'lumotda.

Ta'kidlanishicha, shu kunga qadar Toshkent shahar dehqon bozorlariga Surxondaryo viloyatidan 1500 tonnadan ortiq kartoshka, piyoz va karam mahsulotlari keltirilib, alohida tashkil etilgan savdo rastalari va yuk mashinalari orqali arzonlashtirilgan narxlarda sotilmoqda.

 Ayni paytda barcha dehqon bozorlari hududlarida 40 dan ortiq yuk mashinalari hamda alohida tashkil etilgan savdo rastalari orqali arzonlashtirilgan narxlarda 375 tonnadan ortiq qishloq xo‘jalik mahsulotlari, sabzavotlar va ho‘l mevalar savdosi tashkil etildi va davom etmoqda, deyiladi poytaxt hokimligi xabarida.

O‘z navbatida, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Toshkent shahridagi savdo rastalarida go‘sht narxi 60 ming so‘mga yetgan.

2018 yil boshlarida Iqtisodiyot vazirligi mamlakatda go‘sht narxining oshish sabablariga aniqlik kiritgandi.

O‘shanda viloyatlar va tumanlarda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash komplekslarining yetarli darajada rivojlanmagani, fermer va dehqon xo‘jaliklarining mahsuldor chorva mollari bilan ta'minlanmagani hamda mahsuldor chorva mollarini yetishtirish sohasidagi ilmiy izlanishlarning yetishmasligi go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxining oshib ketishiga olib kelayotgani aytilgandi.

Ozuqa-yem mahsulotlarini yetishtirish uchun yer maydonlarining yetishmasligi, yerlarning sho‘rlanishi, ozuqa-yem mahsulotlari tannarxining yuqoriligi, realizatsiya qilishdagi “vositachilar”ning ko‘pligi ham go‘sht mahsulotlari narxining qimmatlashuviga sabab bo‘layotgani bildirilgan.

Top