07:24 / 11.07.2019
11411

«Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasi» tasdiqlandi - Prezident qarori

Foto: 123RF

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Prezidentning mazkur qarori bilan «Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasi» ham ma'qullangan.

Strategiyaning asosiy vazifalari etib qo‘yidagilar belgilab olinmoqda:

·        Davlat budjetiga soliq tushumlarining barqarorligini ta'minlash;

·        soliq organlari xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish va soliq ma'muriyatchiligiga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali ko‘rsatilayotgan soliq xizmatlari sifatini yaxshilash;

·        barcha toifadagi soliq to‘lovchilar tomonidan soliq majburiyatlarining ixtiyoriy ravishda bajarish asosida ularning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun soliq organlari va soliq to‘lovchilar o‘rtasida ishonchli munosabatlarni yaratish;

·        soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qisqartirish, barcha toifadagi tadbirkorlik sub'yektlariga qulay sharoitlarni ta'minlaydigan transparent va barqaror soliq tizimini shakllantirish;

·        soliq to‘lovchilar faoliyatiga aralashishni, shuningdek, davlat soliq xizmati organlarida «inson omili»ni hamda korrupsiya holatlarining salbiy ko‘rinishlarini kamaytirish imkonini beradigan tavakkal-tahlil va masofaviy tahliliy ishlar tizimi asosida soliq nazorati tizimini shakllantirish.

Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari etib Soliq siyosatini takomillashtirish va iqtisodiyotda xufiyona aylanma darajasini qisqartirish, jumladan, 2021 yilga kelib jismoniy shaxslarning daromad solig‘ini to‘lovchilarni 1,5 baravar, QQSni to‘lovchilarni 2 baravar hamda resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i to‘lovchilarni 2 baravar ko‘paytirish; Xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan soliq xizmatlarini rivojlantirish; Soliq tavakkalchiliklarini baholash tizimini joriy qilish va soliq hisobini takomillashtirish; Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish; Davlat soliq xizmati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini rivojlantirish belgilanmoqda.

Strategiyadan kutilayotgan natijalar orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sur'ati o‘sishiga erishish, soliq tekshiruvlari sonini qisqartirish, soliqlarning undirilish darajasi oshirish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi pozitsiyalari, ishbilarmonlik faolligining indeks ko‘rsatkichlari yaxshilanishi ham bor.

Top