10:20 / 12.07.2019
15936

Abituriyent–2019: Navoiydagi qabul jarayonlarida ham muammolar va tartibsiz navbatlar yuzaga kelmoqda

Hozirda yurtimizdagi barcha oliygohlarda qabul jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Aytish joizki, bu yilgi qabul jarayonlari har yilgidan farq qilmoqda. Turli yangiliklar, qulayliklar bilan birga ayrim muammolar ham kuzatilmoqda.

Kun.uz saytida respublika oliygohlaridagi qabul jarayonidan reportajlar, mavjud muammolar haqida turkum maqolalar berib borilmoqda.

Tahririyat muxbiri tomonidan bu boradagi navbatdagi o‘rganish Navoiy viloyatida olib borildi.

Ushbu viloyatda ikkita – Navoiy davlat pedogogika va Navoiy davlat konchilik institutlari bor. Ikki institutda ham ayni vaqtda abituriyentlarda hujjat qabul qilish ishlari ayni avj pallasida.

Abituriyentlar va ularning ota-onalariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishish maqsadida dastlab Navoiy davlat pedogogika institutida bo‘ldik.

Tan olib aytish kerakki, boshqa oliygohlardagi bo‘lgani kabi bu yerda ham tartibsiz, uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelgan. Jazirama issiqda abituriyentlar uzoq vaqt tik oyoqda o‘z navbati kelishini kutmoqda. Qabulning so‘nggi kunlari yaqinlashgani sari bu navbatlar yanada kattalashib, qator noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.

Xo‘sh, muammo nimada?

Institut qabul komissiyasi mas'ul kotibi Javlon Samandarovdan izoh so‘radik.

«Katta navbatlarning hosil bo‘lishi bizga bog‘liq emas. Davlat test markazi bazasi ishlamay qolishi va ishlagan vaqti ham qotib qolishlar kuzatilayotganligi tufayli shunday holat yuzaga kelmoqda. DTM serveri ishlamaganidan keyin biz ham ojiz qolayapmiz. O‘zimizga bog‘liq muammo bo‘lsa, darhol bartaraf etamiz. Abituriyentlar va ularning ota-onalari, yaqinlari uchun barcha sharoitlar tashkil etilgan. Faqat DTM bazasidagi uzilishlar asosiy muammo va bu o‘z navbatida boshqa salbiy holatlarni ham keltirib chiqarmoqda», – deydi Samandarov.

Ammo bu birgina muammo emas edi. Bankka to‘lovni amalga oshirish jarayonida ham katta navbat va tartibsizlikni kuzatish mumkin. Ma'lum bo‘lishicha, to‘lovlarning bank bazasida ko‘rinishida ham muammolar uchrayapti.

«Elektr energiyasi va internetdagi uzilishlar tufayli shunday holat yuzaga kelmoqda. Internet yaxshi ishlamaganidan keyin bankda to‘lovlar ham ko‘rinmayapti. Shuning uchun navbatlar yuzaga kelmoqda», – deydi biz bilan suhbatda «Agrobank» Navoiy shahar filiali mas'ul xodimi G‘anisher Rahmatov.

Institut qabul komissiyasi mas'ul kotibi Javlon Samandarovning ta'kidlashicha, boshqa jarayonlarda muammolar yo‘q. Hujjatlarni ruyxatdan o‘tkazish xonasi, veb kamera xonasi, axborot maslahat markazlari va abituriyentlarga to‘lov kvitansiyalari chiqarish, DTM bazasiga kirish uchun alohida maxsus xonalar tashkil qilingan. Xonalar kompyuter, printer, skaner, nusxa ko‘paytirish apparati, faks, telefon, seyf va boshqa texnik vositalar bilan jihozlangan.

Abituriyentlar va ularning ota-onalarini qabul qilish, ularni murojaatlarini belgilangan tartibda ro‘yxatga olish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va hal etish maqsadida «Call-center» alohida xonalari ajratilgan. Shuningdek, ota-onalarning hordiq chiqarishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan.

Shundan so‘ng, Navoiy davlat konchilik institutidagi qabul jarayonlari bilan tanishdik.

Tan olib aytish kerak, ushbu oliy ta'lim muassasasida qabul ishlari birmuncha yaxshi tashkil etilganligiga guvoh bo‘ldik. Navbatlar bo‘lsa-da, ortiqcha tartibsizliklar yo‘q.

Bu yerda ham asosiy muammo yuqoridagi kabi DTM bazasi va internetdagi uzilishlar, bank to‘lovlarini kech ko‘rinayotganligidir.

«Bu kabi holatlar abituriyentlar va ularning yaqinlari, ota-onalarining noroziligi, e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Ularga yuzaga kelayotgan vaziyatni tushuntirib, ishlarni olib boryapmiz», – deydi Navoiy davlat konchilik instituti qabul komissiyasi mas'ul kotibi Sh.Babayev.

Ko‘rinib turibdiki, Navoiy viloyatidagi oliy ta'lim muassasalaridagi qabul jarayoni asosiy muammolar texnik uzilishlar tufayli yuzaga kelmoqda.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Top