17:57 / 12.07.2019
9606

Urganchdagi korxonaning qurilish ishlari tiklandi. Vazirlikdan aybdorlarga chora ko‘rish so‘ralgan

Xorazm viloyati, Urganch shahrida faoliyat yurituvchi «Turon House» xususiy korxonasi tomonidan olib borilayotgan qurilish ishlari noqonuniy deb to‘xtatilgan. Xorazm viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining 2019 yil 7 martdagi 15-son ko‘rsatmasi bunga asos bo‘lgan.

Shovot kanalining himoya zonasi 50 metrdan oraliq masofa saqlanishi belgilangani, biroq bu masalada Shovot DUK bilan kelishilmagani aytilgan. Shuningdek, shaharsozlik faoliyatidagi qonunchilikka asoslanib Urganch shahri hokimi qarori chiqarilmasdan Urganch shahri arxitektori ruxsatnomasi orqali berilgani hamda ortiqcha egallab olingan yer maydonlari qurilish to‘xtashiga asos bo‘lishi nazarda tutilgan.

Shundan so‘ng, tadbirkor inspeksiyaning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil — biznes-ombudsmanga murojaat qilgan. Tegishli o‘rganishlardan so‘ng, biznes-ombudsman tarafidan Qurilish vazirligiga taqdimnoma jo‘natiladi.

Unda quyidagilar keltirilgan:

Ushbu taqdimnomada inspeksiya tomonidan berilgan ko‘rsatma «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonunning 23 va 25-moddalariga zid harakat sodir etilgani aytilgan. Hujjatga ko‘ra, ko‘rsatmada keltirilgan xususiy korxonaga tegishli hudud 800 kv. metrni tashkil etadi va o‘zlashtirilgan ortiqcha yer sifatida ko‘rsatilgan hudud ham korxonaga tegishli bo‘lib, aslida korxonaning umumiy maydoni 924 kv. metrni tashkil qiladi.

Shuningdek, biznes-ombudsman tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi PF-5495 sonli «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni normalari eslatib o‘tilgan. Ya'ni, davlat organi yoki mansabdor shaxsning ma'muriy hujjatini bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi insofli investor yoki tadbirkorlik sub'yektining qonuniy manfaatlariga daxl qilsa, sud tartibida ko‘rib chiqilishi belgilanadi.

Shularni inobatga olib, vazirlikdan qonunbuzilish holatlari bartaraf etilishi, takroran yo‘l qo‘yilmasligi uchun zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilishi, aybdorlar intizomiy javobgarlikka tortilishi, 15-son ko‘rsatmasi bekor qilinishi va bu ishlar qilingani bo‘yicha 15 kun ichida yozma xabar qilinishi so‘ralgan.

Ushbu taqdimnoma berilgandan so‘ng Qurilish vazirligi tomonidan javob xati yo‘llangan. Unga ko‘ra, Xorazm viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boshlig‘i B. Qurbanov ogohlantirilgani, inspeksiyaning 2019 yil 7 martdagi 15-sonli ko‘rsatmasining 7-bandi tegishli tartibda bekor qilinishi bo‘yicha ko‘rsatma berilgani ma'lum qilingan.

Hozirgi kunda ushbu qurilish ishlari davom ettirilmoqda. Bu ish misolida biznes-ombudsman huquqlarining himoyasi borasida murojaat qilish uchun eshiklari ochiq ekanligini ta'kidlamoqda. 

Mavzuga oid
Top