07:32 / 13.07.2019
7620

O‘zbekiston 6 oyda 379 mln dollarlik dori vositalarini import qildi

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

12 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi bir qator tashkilotlar rahbarlari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda “2019-2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma'lumot berildi.

Hozirda O‘zbekistonda dori vositalari ishlab chiqaruvchi 92 ta, tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi 61 ta, ham dori vositalari, ham tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi 11 ta korxona mavjud ekani qayd etildi.

“Mamlakatimizda farmatsevtika sanoatining ishlab chiqarish hajmi 2018 yilda 178,3 mln dollarni tashkil etgan, — dedi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish Agentligi direktori Sardor Kariyev. — 2019 yilning 6 oylik davrida esa bu ko‘rsatkich 115,27 mln dollardan iborat bo‘lgan. 2018 yilda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 20,3 mln dollarlik farmatsevtik mahsulotlar xorijga eksport qilingan. Joriy yilning iyul holatiga ko‘ra, 13,7 mln dollarlik mahsulot eksport qilindi”.

Import hajmi 2019 yilning 6 oyida 379,81 mln dollarni tashkil etgan. O‘tgan yili esa 774,3 mln dollarlik mahsulot import qilingan.

Tadbirda respublikada ishlab chiqarilgan dorilar chet ellarda ro‘yxatdan o‘tkaziladimi, degan masalaga oydinlik kiritildi. Mutasaddilar bu amaliyot anchadan buyon davom etib kelayotganini ta'kidladi.

“2017 yil mobaynida 21 mahalliy farmatsevtika korxonasi tomonidan chet ellarda 294 nomdagi dori vositasi va tibbiy buyum, 2018 yilda 23 korxona tomonidan 338 dori vositasi va tibbiy buyum ro‘yxatdan o‘tkazilgan, — dedi Sardor Kariyev. — 2019 yilning birinchi choragida 180 nomdagi dori vositasi va tibbiy buyum Turkiya, Gruziya, Rossiya, Moldova, Afg‘oniston, Polsha, Ukraina, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan”.

Jurnalistlar bilan suhbat davomida yurtimizda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha mavjud holat ham aniq statistik misollar orqali tahlil qilindi. Aytilishicha, 2018 yilda tashkil etilgan plantatsiyalarning 72 foizida qizilmiya, 10 foizida guljavhar, 4 foizida na'matak, 3 foizida moychechak, 11 foizida boshqa giyohlar yetishtiriladi.

“Hozirda dorivor o‘simliklar yetishtiriladigan 11 ming 850 ta plantatsiya mavjud, — dedi Sardor Kariyev. — Giyohlarni qayta ishlovchi 51 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Tuprog‘imizdan unib chiqayotgan dorivor o‘simliklar asosan Xitoyga (31%), Turkiyaga (24%), Hindistonga (10%) eksport qilinadi”.

Muloqot asnosida farmatsevtika sohasidagi istiqbolli ilmiy ishlanmalar, ularning amaliyotga tatbiq etilishi, tijoratlashtirilishi xususida ma'lumot berildi.

Qayd etilishicha, respublikadagi ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan yangi yaratilgan va o‘rtacha muddat mobaynida amaliyotga tatbiq etilishi istiqbolli bo‘lgan 64 nomdagi dori vositasi va 12 nomdagi tibbiy buyum mavjud.

Top