11:21 / 13.07.2019
10094

Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar mamlakatimizdagi barcha o‘lim holatlarining 78 foizini tashkil qilmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, keyingi bir necha o‘n yil ichida ortiqcha tana vazni va semizlik muammosi butun dunyoda kuchayib bormoqda. 2016 yilning o‘zida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar 40 million odamning umriga zavol bo‘ldi, bu esa dunyo bo‘yicha barcha o‘lim holatlarining 70 foizini tashkil qiladi.

Ma'lumki, mamlakatimizda ham har yili barcha o‘lim holatlarining 78 foizi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar tufayli yuz bermoqda. 2017 yilda jinsi va yoshi bo‘yicha standartlashtirilgan o‘lim sabablari umumiy ko‘rsatkichida birinchi o‘rinni qon aylanish tizimi kasalliklari (69 foiz), shu jumladan, yurak ishemik kasalligi, arterial gipertoniya va uning asoratlari (miokard infarkti, bosh miyaga qon quyilishi) egalladi. Ulardan keyin xavfli o‘smalar (8 foiz), qandli diabet (3 foiz) va nafas olish a'zolarining surunkali kasalliklari (3 foiz) joy oldi.

Mutaxassislar xavfli omillar profilaktikasi va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordamni tashkil qilish va ko‘rsatish tizimini yaxshilash, shuningdek, sog‘lom turmush tarziga amal qilish orqali O‘zbekistonda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar sababli barvaqt o‘lim topish holatlarining oldini olish mumkinligini ta'kidlamoqda.

Shundan kelib chiqqan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muntazam ravishda sog‘lom turmush tarziga rioya etish borasidagi ommaviy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Bu bejiz emas. Mutaxassislarning ma'lum qilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o‘lim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklari ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan. Oddiygina yurish orqali yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o‘smalar, nafas olish a'zolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olgan bo‘lamiz.

Odamlarni jismoniy faollikka chorlovchi ommaviy tadbirlarning navbatdagisi 13 iyul, shanba kuni mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etildi. Jumladan, Olmazor tumanida joylashgan Toshkent tibbiyot akademiyasi stadionida ham ommaviy gimnastika va 5 kilometr masofaga yurish mashg‘ulotlariga qo‘shimcha ravishda, tibbiyot xodimlari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalla faollari va yoshlar bilan hamkorlikda “Salomatlik startlari”, “Salomatlik maydonchasi”, “Biz tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz” tadbirlari hamda mahallalarda yoshlar bilan zararli odatlarning salbiy oqibatlari haqida suhbatlar uyushtirildi.

Mavzuga oid
Top