20:26 / 04.08.2019
67297

Andijon viloyati hokimligi: Xonoboddagi yig‘ilish haqida «shoshilinch xabarnoma» surati soxta

Andijon viloyati hokimligi bugun, 4 avgust kuni hokim Shuhrat Abdurahmonov imzosi bilan tarqalgan, Xonobod shahridagi qurilish shtabida yig‘ilish o‘tkazilishi to‘g‘risidagi «Shoshilinch xabarnoma» surati haqiqiy emasligini ma'lum qildi.

«Viloyat hokimligidagi har bir xujjat, joylarga ijro uchun yuborilishidan oldin, ro‘yxatga olinib, maxsus daftarga qayd etib boriladi. Biroq maqolada ko‘rsatib o‘tilgan  «Xabarnoma» hokimlik tomonidan ro‘yxatga olinmagan va qayd etish daftarchasida mavjud emas.

Aynan 4 avgust kuni Xonobod shahrida hech qanday yig‘ilish bo‘lib o‘tmagan, hech qanday hasharchilar kelib majburiy mehnatga jalb etilmagan. Viloyat hokimligi, ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan «Xabarnoma»da viloyat hokimi imzosi bilan berilgan xabarlarni yolg‘on deb biladi va butunlay inkor etadi», – deyiladi rasmiy bildirishda.

Ta'kidlanishicha, ayni vaqtda haqiqatan ham Xonobod shahrida 38 gektar maydonda bir vaqtning o‘zida 3 ming nafar mijozni qabul qilish imkoniyatiga ega 1000ta dala-hovli, ochiq va yopiq suv havzalari, milliy choyxona va zamonaviy restoranlar, sport maydonlari – umuman, dam olish uchun barcha sharoitlarga ega turistik zonani barpo etish uchun qurilish ishlari va hudud infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz trubalarini tortish kabi keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

«Hozirgi kunda Xontog‘ hududida qurilayotgan 2 sotixdan iborat dala-hovlilar Andijon viloyati hududidagi quruvchi tashkilotlar, tadbirkorlar va ishbilarmonlarga o‘z mablag‘lari evaziga, o‘zlari istagidagi loyihalar asosida qurish uchun yer uchastkalari Xonobod shahar hokimligi tomonidan ajratib berilgan. Shu bois mazkur qurilish ishlariga hech qanday korxona tashkilot va budjet tashkilotlari xodimlari jalb etilmagan», – deya qayd etilgan rasmiy axborotda.

Andijon viloyati hokimligi Xonobod shahridagi qurilish ishlari bilan tanishish istagini bildirgan barcha OAV xodimlarini, internet jurnalistlari va blogerlarni Xonobod shahriga kelib qurilish jarayonlari bilan tanishishga taklif qilgan va yaqin kunlarda bu yerdagi bunyodkorlik ishlarini keng ommaga yoyish maqsadida press-tur tashkil qilinishini bildirgan.

Mavzuga oid
Top