16:51 / 04.08.2019
92486

«Shoshilinch xabarnoma» - Andijonda tashkilotlarga yuzlab odamlarni dacha qurilishiga olib chiqish buyurildi

Shuhrat Abdurahmonov / Foto: KUN.UZ

Kun.uz tahririyatiga Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov imzosi bilan jo‘natilgan shoshilinch xabarnoma surati kelib tushdi.

Unda viloyat hokimligi kotibiyat mudirlari va guruh rahbarlariga, viloyatdagi boshqarma va tashkilot rahbarlariga, shaharlar va tumanlar hokimlariga 2019 yil 4 avgust kuni soat 7:30da Xonobod shahar «Xonobod» MFY hududida tashkil etilgan qurilish shtabida yig‘ilish o‘tkazilishi belgilanganini ko‘rish mumkin.

Mazkur yig‘ilishda viloyat hokimligi kotibiyat mudirlari va guruh rahbarlari, viloyatdagi boshqarma va tashkilotlar rahbarlari (o‘zlariga ajratilgan har bir uyda kamida 10 ishchi bilan), shaharlar va tumanlar hokimlarining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari boshchiligidagi hududlardan dala hovli qurish uchun yer uchastkasini olgan jismoniy va yuridik shaxslar (qurilish tashkilotlari, yengil sanoatga a'zo korxonalar, yirik hududiy tadbirkorlar, klaster korxonalar, fermer xo‘jaliklari, mehmonxonalar, gaz zapravkalar — o‘zlariga ajratilgan har bir uyda kamida 10 nafardan ishchi bilan), hamda hududiy obodonlashtirish boshqarmalari boshliqlari 120 nafar ishchilari (lopatka, ketmon va boshqa asboblar) bilan ishtirok etishlari shart, deb belgilangan.

Bu ishlarning barchasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida «Bir oy muddatda «Xonobod» sanatoriysi hududida bir vaqtning o‘zida 3 ming nafar mijozni qabul qilish imkoniyatiga ega, arzon va tezkor barpo etilishi lozim bo‘lgan dam olish uylarini tashkil etish yuzasidan shart-sharoitlarni chuqur o‘rgangan holda, har bir dam olish uylarining joylashuvi» bo‘yicha bergan topshirig‘i ijrosini ta'minlash maqsadida o‘tkazilayotgani ham ta'kidlab o‘tilgan.

Xabarnomada ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga ushbu hududda olib borilayotgan ishlar jarayonini namunali tasvirga olish va taqdim etish 2 avgust kuniga rejalashtirilgandi. Biroq, shu kuni ob-havo noqulay bo‘lgani (!) va prezident videoselektori o‘tkazilgani uchun ushbu tadbir qoldirilgan.

Xabarnomaga biriktirilgan jadvalda viloyatdagi 68ta korxona 790 nafar odam chiqarishi belgilab berilgan. Odam olib chiqishi lozim bo‘lgan korxonalar ichida xususiy tijorat banklari va viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan qo‘shma korxonalar ham bor.

Viloyat hokimining xabarnomasi rasmiy uslubdan oddiy xalq tiliga o‘girilsa, Andijon viloyat hokimi: «Telekamera oldida «massovka» hosil qilib, zudlik bilan prezidentning ko‘zini bo‘yab, ochko olishimiz kerak, shuning uchun tashkilotlar yakshanba kuni ishlasa-ishlamasa, har bir uyda 10 nafardan odam yig‘sin. Ketmon-lopatkasini ham o‘zlari ko‘tarib kelsin», demoqchi.

Qayd etish kerakki, bu «shoshilinch topshiriq» prezident viloyat hokimlarini aholini norozi qilayotgani uchun qattiq tanqid qilgan videoselektordan keyin berilmoqda.

Nima ham derdik, insof bermasa shuncha gap bir tiyin ekan…

Top