11:38 / 07.08.2019
14399

Maktabgacha ta'lim vazirligi mobil maktabgacha ta'lim tashkilotlari qanday ishlashini ma'lum qildi

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

2019 yil 30 iyul kuni Maktabgacha ta'lim vazirligi “ISUZU HC-40” avtobuslari bazasida faoliyat ko‘rsatuvchi sayyor maktabgacha ta'lim tashkilotlari loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Loyiha “O‘zavtosanoat” AJ moliyaviy va texnik ko‘magida amalga oshiriladi.

2019 yilning 2 iyulida Maktabgacha ta'lim vazirligi va “O‘zavtosanoat” AJ o‘rtasida maktabgacha ta'limning muqobil shakllarini joriy etish sohasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi. O‘zbekistonda “ISUZU HC-40” avtobuslari negizida ishlovchi mobil MTTlarni ishlab chiqish va joriy etish hamkorlikning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.  Mazkur loyiha bolalar maktabgacha ta'lim bilan qamrab olinishini kengaytirish, shuningdek MTT mavjud bo‘lmagan olis qishloq joylarda, tog‘li hududlar va aholi punktlarida qamrovni oshirish imkonini beradi.

“Maktabgacha ta'lim vazirligiga ko‘p hollarda olis tumanlarda yashovchi fuqarolar MTTlar mavjud emasligi yuzasidan shikoyatlar bilan murojaat qiladilar. Afsuski, budjet miqdori cheklanganligi munosabati bilan biz har bir aholi punktida MTT ochish imkoniyatiga ega emasmiz va bolalar soni eng ko‘p bo‘lgan joylarni tanlashga majburmiz. MTV ishchi guruhi holatni o‘rganib chiqdi. Tahlil ushbu maqsad uchun joylarda binolarning ajratilishi muammo yechimi bo‘la olmasligini ko‘rsatdi. Aholi xonadonlari bir-biridan juda uzoq masofada joylashgan tumanlar mavjud. Statsionar nuqtalar bor-yo‘g‘i 3 km radiusda yashovchi bolalarni qamrab olish imkoniyatini beradi xolos. Har bir oila o‘z transport vositasiga ega emasligi esa har kuni MTTlarga qatnash muammosini tug‘diradi. Bundan tashqari, tog‘li hududlarga talab etilgan kommunikatsiyalarni yetkazib borish muammosi mavjud. Biz albatta bolalar uchun isitish tizimi, suv ta'minoti va kanalizatsiyani ta'minlab bera olish mumkin bo‘lmagan joylarda MTTlar ochmaymiz. Biroq, vazirlik barcha bolalar uchun sifatli maktabgacha ta'lim olish imkoniyatini yaratishga intilmoqda, shu munosabat bilan biz O‘zbekiston uchun mutlaqo yangi mobil MTTlar loyihasini ishga tushirmoqdamiz. Bunday tajriba Shvetsiya, Yangi Zelandiya, Hindistonda muvaffaqiyatli qo‘llanib kelinmoqda. Maxsus avtobuslar yaqin kelajakda MTT qurilishi murakkab bo‘lgan, borish qiyin bo‘lgan joylarda muayyan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanadi. Sayyor MTTlar “yoz - qish” rejimida ishlovchi sovitgichlar, quyosh panellari, hojatxonalar, o‘yinchoqlar, rivojlantiruvchi materiallar bilan ta'minlanadi. Shunga ko‘ra, kichik aholi punktlarida yashovchi bolalar bilim olishi, mahorat va ko‘nikmalarini rivojlantirishi, maktabga tayyorlanib borishi mumkin bo‘ladi. Loyihaning boshlang‘ich bosqichida respublika bo‘ylab 14ta avtobuslar: Toshkent viloyatida ikkita va hududlarda bittadan avtobus ishga tushiriladi”, - deydi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin.

Sayyor MTTlarda ta'lim-tarbiya jarayoni hudud ehtiyojlari va iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda 2–3 smenada olib boriladi. Har bir avtobus uchun tarbiyalanuvchilar yashash joyiga yaqin bo‘lgan joyda o‘yingohlar (qumdon, o‘yin maydonchalari va boshqalar) bilan jihozlangan 3tadan turargoh tashkil etiladi. Sayyor MTTlar qisqa muddatli guruhlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib (kuniga ko‘pi bilan 3 soat), ovqatlanishni tashkil etish majburiyati nazarda tutilmagan. Loyiha uchun MTTlar mavjud bo‘lmaganligi sababli bolalar maktabgacha ta'lim olish imkoniyatiga ega bo‘la olmayotgan hududlar tanlab olindi. Sayyor MTTlar olis qishloqlarda bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish muammosini tezkor hal qilish imkoniyatini yaratadi.

“Barcha mashg‘ulotlar o‘yin tarzida o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlar chog‘ida avtobus harakatda bo‘lmasligi bolalar lat yeyishi ehtimolini to‘la bartaraf etadi. Mobil MTT maxsus turargohga yetib kelgach bolalarga qulay sharoitni ta'minlash uchun xodimlar mebellarni tashqariga chiqarib tent yordamida shiypon o‘rnatiladi. Tarbiyalanuvchilar vaqtning asosiy qismini ochiq havoda o‘tkazadilar va bunday yondashuv Finlyandiyada o‘zini oqlagan. Kuchli sovuq yoki issiq bo‘lgan taqdirda mashg‘ulotlar avtobus ichiga ko‘chiriladi.

Bu loyihaga shahar o‘lchovlari bilan baho berish mumkin emas. Shahar aholisi jamoat transporti va talab darajasidagi infratuzilma mavjud bo‘lgan sharoitda yashaydi. Biz chekka qishloqlar aholisi bilan uchrashganimizda, ulardan farzandlari maktabgacha ta'lim olishi uchun sharoit yaratib berish bo‘yicha so‘rovlarni ko‘p eshitamiz. Ular ham farzandlari ilk yoshidanoq ta'lim olishi va rivojlanishini istaydilar. Vazirligimiz ularni mana shunday imkoniyat bilan ta'minlash uchun barcha harakatlarni amalga oshiradi”, – deydi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin.

Loyihaning sinov bosqichi uchun 14ta tumanda 42ta maydonchalar belgilab olindi:

Andijon viloyati - Andijon tumani
Buxoro viloyati - Qorako‘l tumani 
Jizzax viloyati - Baxmal tumani
Qashqadaryo viloyati - Chiroqchi tumani
Namangan viloyati - Yangiqo‘rg‘on tumani
Navoiy viloyati - Nurota tumani
Samarqand viloyati - Urgut tumani
Surxondaryo viloyati - Qumqo‘rg‘on tumani
Sirdaryo viloyati - Boyovut tumani
Toshkent viloyati - Ohangaron, Yangiyo‘l tumanlari
Farg‘ona viloyati - Uchko‘prik tumani
Xorazm viloyati - Hazorasp tumani
Qoraqalpog‘iston Respublikasi - Ellikqal'a tumani.

Top