12:11 / 08.08.2019
19889

Qanday banknotalarni ayirboshlash shoxobchasi qabul qilmaydi?

Foto: KUN.UZ

Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar bermoqda Norma.
 
Birinchidan, endi bank va bank xizmatlari ofisida joylashgan valuta ayirboshlash shoxobchasida ish hajmidan kelib chiqib zaruriyat bo‘lganda xodimlar soni bitta xodimgacha kamaytirilishi mumkin (standart – ikkita xodim). U bir vaqtning o‘zida nazoratchi va kassir vazifasini bajaradi.  Bu bank rahbarining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Ilgari esa, aksincha, qo‘shimcha xodimlarni jalb qilish imkoniyati haqida so‘z yuritilardi.
 
Ikkinchidan, faqat taqdim etilgan chet el valutasining haqiqiyligi va muomalaga yaroqliligi texnik vositalar yordamida tekshirilgandan so‘ng valuta ayirboshlash operatsiyalari amalga oshirilishi qat'iy bayon etilgan.
 
Uchinchidan, haqiqiyligiga shubha tug‘ilgan naqd chet el valutasini ekspertiza qilish uchun vositachilik haqi undirish to‘g‘risidagi talab bekor qilindi.
 
To‘rtinchidan, shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqli qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadigan belgilar aniqlashtirildi:

• siyqalanish va ifloslanish darajasi banknota tasvirini (shaklini) aniqlash imkonini berishi kerak (siyqalanish banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan va asosiy belgilaridan birining 50%idan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan holatlar bundan mustasno);
• banknotada diametri 1 mm dan oshmagan va ikkitadan ortiq teshiklar bo‘lsa, ular banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan va asosiy belgilaridan birining 50%idan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lishi kerak.
 
Shikastlanish belgilangan me'yorlardan oshgan taqdirda (56-band) ham banknota muomalaga yaroqsiz deb hisoblanadi.
 
Hujjat 6.08.2019 yildan kuchga kirdi.

Top