13:09 / 01.05.2015
1752

AQSh Ozarbayjonni 12 nafar jurnalist va blogerni hibsdan ozod qilishga chaqirdi

81935998_USA_Azerbaijan_flags_605 AQSh Davlat departamentining rasmiy vakili Mari Xarf Vashingtonda o‘tkazilayotgan matbuot erkinligi haftaligi doirasida Freedom House nodavlat tashkilotining “Matbuot erkinligi-2015” hisobotiga munosabat bildirar ekan, Ozarbayjon hukumati inson huquqlari va erkinliklari borasidagi majburiyatlarini bajarmayotganligini, so‘z erkinligi qoidalariga xilof ravishda 12 nafar jurnalist va blogerni hibsda saqlayotganini ta'kidlab o‘tdi. “Ozarbayjonda 12 jurnalist va blogerlar hukumat ko‘rsatmasiga binoan hibs etilgan. Ular ichida 2013 yildan buyon qamoqda saqlanayotgan Hilol Mamedov ham bor”, - uning so‘zlarini keltiradi TASS agentligi. Hilol Mamedov “Tolish ovozi” gazetasining sobiq bosh muharriri bo‘lib, u davlatga xiyonatda va millatlararo ziddiyatlar keltirib chiqarganlikda ayblanib besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. 2014 yilda BMTning maxsus ishchi guruhi Mamedov ishini ko‘rib chiqib, uning asossiz ravishda hibsda saqlanayotganini e'tirof etdi va hukumatni uni ozod qilishga chaqirdi. Xarf xonim ham o‘z chiqishida Ozarbayjonni hibsda saqlanayotgan jurnalistlarni ozod qilishga va bunday asosda axborot sohasi vakillarini ta'qib qilishni to‘xtatishga chaqirdi. Freedom House nodavlat tashkiloti tomonidan e'lon qilingan “Matbuot erkinligi-2015” hisobotida Ozarbayjon bu ko‘rsatkich bo‘yicha 199 mamlakat va davlat ichida 188-o‘ringa qo‘yilgan.
Top