19:27 / 01.05.2015
1989

Oqsaroyda Koreya Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari qabul qilindi

oqsaroy_08082013 Kun.uz: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 1 may kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, ctrategiya va moliya vaziri Choy Kyong Xvanni qabul qildi. Davlat rahbari mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlar ekan, Koreya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasining vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli va strategik sherigi ekanini ta'kidladi. O‘zbekiston-Janubiy Koreya hamkorligi o‘zaro manfaatli va samarali xususiyatga ega bo‘lib, barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib bormoqda. Ayni paytda Koreya Respublikasi O‘zbekistonning iqtisodiyot, investitsiya va texnologiya sohalaridagi asosiy sheriklaridan biridir. Janubiy Koreya biznesining faol ishtirokida mamlakatimizda sanoatning turli sohalarida qator muhim strategik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Surg‘il konida barpo etilayotgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi, shuningdek, mashinasozlik, elektr energetikasi, neft-gaz, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati va boshqa sohalardagi o‘nlab loyihalar muvaffaqiyatli investitsion hamkorlikning yorqin namunasi hisoblanadi. Bugun O‘zbekistonda Janubiy Koreya kapitali ishtirokida tuzilgan 400dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Janubiy Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari umumiy hajmi 5 milliard AQSh dollaridan oshdi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida ham janubiy koreyalik sheriklar bilan hamkorlik faol rivojlanmoqda. 2014 yilda Toshkentda ochilgan Inxa universitetining filialida kompyuter injiniringi va dasturlash sohasi mutaxassislari tayyorlanmoqda. Koreya Respublikasining Eksimbanki, Taraqqiyot banki, «EDCF» jamg‘armasi va boshqa ko‘plab yetakchi moliya institutlari bilan ham sheriklik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Jahondagi yirik transport kompaniyalaridan biri bo‘lgan «Korean Eyr» hamkorligida “Navoiy” aeroporti negizida xalqaro intermodal logistika markazi samarali faoliyat yuritmoqda. Oqsaroyda o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi. Shu kunlarda ikki davlat moliya vazirlari uchinchi majlisining o‘tkazilishi iqtisodiy sohadagi o‘zaro hamkorlikning joriy ahvolini chuqur tahlil etish va yangi yo‘nalishlarini belgilash imkonini berishi ta'kidlandi. Choy Kyong Xvan davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etib, Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan serqirra va uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi. xab-1
Top