20:22 / 01.05.2015
1962

O‘zbekistonda onalik o‘limi 2001 yildan beri uch marta kamaydi

11710

Kun.uz: O‘zbekistonda onalik o‘limi 2001 yildan hozirgi kungacha uch marta kamaygan. Bu haqda 1 mayda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston hukumati va BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha berilgan hisobotda aytilmoqda.

2009-2013 yillarda O‘zbekistonning 227 ta tug‘ruqxonasi zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlandi, yetti viloyatda yangi markazlar yaratildi.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda onalik o‘limi koeffitsiyenti 2001 yildagi 100 ming tug‘ruqqa 34,1 ta holatdan 2013 yildagi 20,0 holatgacha kamaygan.

Homilador ayollarning homiladorlikning birinchi 12 haftasida tug‘ruqqacha parvarish bilan qamralganligi 2002 yildagi 87,9 foizdan 2013 yilda 89,5 foizgacha ko‘tarilgan. Tug‘ruq paytida qon ketish (44 foiz), yuqumli kasalliklar (10 foiz) va kechki toksikozlar (6 foiz) hamon onalik o‘limining asosiy sabablari bo‘lib qolmoqda.

Hisobotda kontratseptiv vositalardan foydalanish darajasi o‘sishi bilan abortlar soni 2002 yildagi ming tug‘ruqqa 8,7 holatdan 2013 yildagi 4,3 holatgacha kamaygani aytilmoqda. Ijtimoiy tadqiqotlar instituti bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 2013 yilda homilador bo‘lishdan saqlaydigan vositalardan foydalanish ko‘rsatkichi shahar va qishloq joylarida deyarli bir xil bo‘lgan.

“Onalik o‘limining kamayishi onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimining moddiy-texnik bazasining yaxshilanishi, tug‘ruqgacha kuzatuv bilan qamranganlikning oshishishi, perinatal xizmatlar olishning yaxshilanishiga ko‘mak berdi”, – deb aytmoqda hisobot mualliflari.

Top