20:56 / 04.05.2015
2671

Shahzoda Uilyam va malika Keytning qiziga Sharlotta Yelizaveta Diana ismi berildi

1062326390

Kun.uz: Kembrij gersogi va gersoginyasi – shahzoda Uilyam va malika Keytning qizi, Yelizavetta II ning beshinchi evarasiga Sharlotta Yelizaveta Diana ismi berildi, deb xabar bermoqda Kensington saroyi matbuot xizmati.

Kichik malika 2 may kuni London vaqti bilan soat 8:34 da dunyoga keldi. Uning otasi  shahzoda Uilyam uning tug‘ilishini bevosita kuzatdi, keyinroq esa shifoxonaga o‘zining o‘g‘li – ikki yashar shahzoda Jorjni singlisi bilan tanishtirishga olib keldi. Tug‘ruqdan keyin bor-yo‘g‘i 12 soat o‘tib, ona-bola o‘sha kunning o‘zida kechki payt o‘z uylariga ketdi.

Qizcha tug‘ilishidan ancha ilgariroq bukmeykerlar unga qanday ism berilishi bo‘yicha stavkalarni qabul qila boshlashgan. Sharlotta ismi ular tomonidan taxmin qilingan ismlar orasida favoritlardan bo‘lgan. Qizcha Yelizavetta ismini otasining buvisi, Diana ismini otasining onasi, ya'ni buvisi sharafiga olgan.

Qizchaga qanday ism berilishi oldindan belgilab qo‘yilgan edi, biroq jamoatchilik bu haqda ism Yelizaveta II ga e'lon qilingandan keyin xabardor bo‘ldi. Qizcha “Oliy hazratlari Sharlotta Kembrijlik” deb nomlanadi.

Shu kunlarda yangi malikaning tug‘ilishi butun mamlakatda nishonlanmoqda. Qirolicha Yelizaveta II qizcha tug‘ilgan kuni harbiy paradda pushti palto va pushti shlyapada ko‘rinish berdi. Qizchaning tug‘ilgani ma'lum bo‘lgandan keyin Londonning eng baland minorasida shaharning turli burchaklaridan ko‘rish mumkin bo‘lgan “Bu qiz” (“It's a girl”) degan yozuv chiqarildi. Kechga yaqin Londonning turli diqqatga sazovor joylari – Tauer ko‘prigi, London Eye tomosha g‘ildiragi, Trafalgar maydonidagi favvoralarda chaqaloq qiz bo‘lgani sababli pushti chiroqlar yoqildi. Shuningdek, qizcha sharafiga xotira tangasi va markasi chiqarilishi ma'lum qilindi.

Top