10:18 / 06.05.2015
3675

«Afrosiyob» poyezdi shanba va yakshanba kunlari kuniga uch marta qatnovni amalga oshiradi

2015 yilning 9 mayidan boshlab shanba va yakshanba kunlari Samarqand-Toshkent- Samarqand yo‘nalishida qo‘shimcha 764/763-raqamli yuqori tezlikdagi yangi “Afrosiyob” poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” OAJ ma'lumotlariga ko‘ra, endi yuqori tezlikdagi “Afrosiyob” poyezdi shanba va yakshanba kunlari kuniga uch martadan harakatlanadi.

“Poyezd 10:40 da Samarqanddan jo‘nab, 12:50 da Toshkentga yetib keladi va Toshkentdan 13:50 da jo‘nab, Samarqandga 15:58 da yetib keladi”, deb ma'lumot berilmoqda kompaniyada.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda “Afrosiyob” deb ataluvchi yuqori tezlikdagi poyezd Ispaniyaning Talgo kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Elektr poyezd mamlakatimizga 2011 yilning avgustida keltirilgan va Markaziy Osiyoda o‘z toifasidagi yagona shunday poyezd bo‘lib qolmoqda. Poyezd Toshkent bilan Samarqand orasidagi 344 km lik yo‘lni 2 soatu 15 daqiqada bosib o‘tadi. Maksimal tezligi soatiga 250 km ni tashkil qiladi. Elektr poyezdning uzunligi 157 m bo‘lib, balandligi 4 metr. Poyezd saloni orqaga tashlanuvchi suyanchiqli yumshoq o‘rindiqlar, stolchalar va video ko‘rish uchun monitorlar bilan jihozlangan. Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan, nogironlik aravachalari uchun maxsus mahkamlagichlarga ega, styuardni chaqirish uchun tugmacha bilan jihozlangan joylar mavjud. Nogironlik aravachalarini harakatlantirish uchun poyezdning hamma joyida bir xil bo‘lgan poli ham qulaylik yaratadi.

Top