14:22 / 07.05.2015
12824

Andijonda dugonalarning “spirtli” ziyofati halokat bilan yakunlandi

Andijonda ichkilikka berilgan uch ayolning o‘tirishi ulardan birining o‘limi bilan yakunlandi. Bu haqda “Huquq” gazetasi ma'lumot tarqatdi.
Yozilishicha, Andijonda istiqomat qiluvchi Vasila Davletova qovoqxonada dugonasi Nadya Stepanovani ko‘rib qolgan. Ular birgalikda Stepanovaning uyiga yo‘l qo‘ygan.
Uyda ularni Stepanovaning eri va yana bir tanish ayol Dinara Savicheva kutib olgan. Bir muddatdan so‘ng Stepanovaning turmush o‘rtog‘i ishga ketgan. Shundan so‘ng ayollar maishatni yolg‘iz o‘zlari davom ettirgan.
Mast bo‘lib qolgan Dinara va uy egasi Nadya o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Qo‘shnilar uchastka nozirini chaqirgandan so‘ng, janjal biroz tinchlangan. Ammo yarim tunga borib janjal yangidan alanga olgan. Kelishmovchilikka barham berish maqsadida Vasila og‘ziga suv olib ikki ayolga puflagan. Usti xo‘l bo‘lib ketgan Dinara ko‘ylagini yechib, faqat ichki kiyimida qolgan va alamzada bo‘lib, Vasilaga tashlangan. Vasila xonadagi xo‘jalik pichog‘ini olib, Dinaraning qorniga sanchgan. Uy egasi bilan birgalikda ular yaradan qo‘rqib ketib, lattalar yordamida qonni artishgan, qolgan aroq bilan jarohatni zararsizlantirgandek bo‘lishgan.
Shundan so‘ng ular hech narsa bo‘lmagandek maishatni davom ettirishgan. Qon to‘xtamayotgan bo‘lsa-da, mast holatda og‘riqni sezmagan Dinara hatto dugonalariga qo‘shiq hirgoyi qilib bergan.
Ertalab uyg‘ongan dugonalar Dinaraning o‘lib qolganini aniqlashgan. Qo‘rqib ketgan Vasila tanishi, muqaddam sudlangan Tolikni yordamga chaqirgan. Ammo bu qilmishning o‘ta og‘irligini sezgan Tolik huquq-tartibot idoralariga ma'lumot berishni ma'qul ko‘rgan.
Qo‘lga olingan ikki ayol uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan.

Top