11:53 / 07.05.2015
3101

AQShda bandilikda qolib ketgan qiz pitssa buyurtma ilovasi orqali politsiya chaqirdi

Florida shtatining Eyvon Park shahrida istiqomat qiluvchi qiz turmush o‘rtog‘ining qo‘lida tutqun bo‘lib qolgan vaziyatda internet orqali pitssa buyutma qilishga mo‘ljallangan ilovadan foydalanib, politsiya chaqirishga muvaffaq bo‘ldi.
ABC News telekanalining ma'lum qilishicha, 25 yoshli Sheril Tredueydan tashqari, uyda uning 3 nafar farzandi ham bo‘lgan. Ularning otasi – 26 yoshli Iten Nikerson janjaldan so‘ng qizning telefonini tortib olib, pichoq bilan tahdid qilgan. Politsiyachilarning ma'lum qilishicha, Sheril kun davomida Itenning nazorati ostida bo‘lib, uydan chiqa olmagan.
Bir necha soatdan so‘ng Sheril bolalarning och qolganligini ro‘kach qilib, turmush o‘rtog‘ini pitssa buyurtma qilishga ko‘ndirgan. Ilova orqali buyurtma berarkan, izohlarda “911, bandi, yordam bering!” degan yozuv qoldirgan. Muassasa xodimi bu xabarni o‘qigach, politsiya chaqirgan. “Men bu yerda 28 yildan beri ishlayman, ammo bunday voqeani birinchi marta kuzatishim”, - deb sharhladi xatti-harakatlarini muassasa menejyeri Kendi Xemilton.
Politsiya xodimlari voqea joyiga yetib kelganida, Sheril bir farzandi bilan uydan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Muzokaralar jarayonida Iten bolalarni qo‘yib yuborib, taslim bo‘lishga ko‘ngan. U odam o‘g‘irlashda va garovda tutishda, qurolli hujumda va huquq-tartibot idoralari xodimlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilishda ayblanmoqda.

Top