12:35 / 07.05.2015
2682

Xorazmda don mahsulotlarini noqonuniy sotib yuborgan rahbar qamaldi

“Huquq” gazetasida 2013 yil 22 aprelda “Xonqa don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatiga rais etib tayinlangan Bahodir Boltayevning “sarguzasht”lariga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
Keltirilishicha, u lavozimni egallashi bilan jamiyat xizmatchilari orasida o‘ziga xos “tanlov” o‘tkazib, uyushgan guruh tuzdi. Yoz kelib, bug‘doy yig‘imining boshlanishi bilan elevator boshlig‘i U. Qilichevga berilgan topshiriqqa binoan 500 tonna bug‘doy tegirmon sexiga hujjatlarsiz o‘tkazib yuborildi. Elevatordan qabul qilingan bug‘doy qisqa muddatda qayta ishlanib, 374 tonnadan ziyod u, 110 tonnadan ziyod kepak, 18 tonnadan ortiq don chiqindisi aralashmasi ishlab chiqildi.
Un markaziy ombor mudiriga, kepak va 50 foizli chiqindi omuxta yem sexi ombor mudiriga hujjatsiz topshirildi. So‘ng un yollanma haydovchilarning mashinalariga yuklanib, Gurlan, Hazorasp, Bog‘ot tumani aholisiga qopiga 35-40 ming so‘m narxida sotib yuborildi.
Shu tarzdagi jinoiy xatti-harakatlar bir necha bor takrorlangan. Har safar soqchilar boshlig‘i A. Otajonov va harbiylashtirilgan qo‘riqlash komandasi boshlig‘i S. Qurbonovlar jamiyat hududidan noqonuniy, hech qanday hujjatlarsiz olib chiqib ketilayotgan un va boshqa don mahsulotlarini “ko‘rmay qolishgan”.
Huquq-tartibot idoralari xodimlarining say'-harakatlari bilan B. Boltayev va sheriklar fosh etildi. 15 kishidan iborat jinoiy guruh tomonidan davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi. Sud tomonidan tegishli jazo belgilandi.

Top