10:49 / 08.05.2015
5576

Chilonzorda Spark va Cobalt avtomobillari ag‘anagan daraxt ostida qoldi

Toshkent shahar Chilonzor tumani Botirma ko‘chasida daraxtning bir qismi sinib, ag‘darildi. 8 may, 12:36da yuz bergan hodisa natijasida hech kim jabr ko‘rmagan.

Daraxtning bir qismi Binkat supermarketi qarshisidagi yozgi qahvaxona ustiga ag‘darilib (qahvaxonaning yog‘och panjaralari sinib ketgan), qahvaxona yoniga qo‘yilgan Spark va Cobalt avtomobillariga qisman zarar yetkazgan.

Shuningdek, daraxtning ag‘darilishi natijasida hodisa joyidan o‘tgan elektr uzatish simlarini uzib yuborgan. Ayni vaqtda hodisa joyiga texnik xizmat xodimlari yetib kelishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun, 7 may, payshanba kuni Toshkent shahrida kuchli shamol va yog‘ingarchilik kuzatilgan edi. Bunday ob-havo holati 8-9 may kunlari ham davom etishi kutilmoqda.

Top