22:15 / 08.05.2015
3447

Meyvezer Pakyaoga qarshi revansh jangini o‘tkazishdan bosh tortdi

2 mayda filippinlik bokschi Menni Pakyaoga qarshi jangni yutgan hamda o‘zida o‘rta yengil vazn toifasida WBA Super, WBO va WBC talqini bo‘yicha chempionlik unvonlarini yig‘a olgan AQShlik bokschi Floyd Meyvezer qayta jang o‘tkazishdan bosh tortdi.   

Meyvezer kelayotgan shanba kuni efirga uzatiladigan Showtime telekanaliga bergan intervyusida Pakyaoni “omadsiz nochor odam” va “qo‘rqoq” deb atagan va unga qarshi yana ringga ko‘tarilmasligini aytgan.     

“ESPN muxbiri Stefen Smit bilan suhbat chog‘ida men Pakyaoga qarshi yana jang o‘tkazishga tayyorligimni aytgan edim, biroq endi o‘z fikrimdan qaytdim. Men u bilan jang qilishni istamayman, chunki u omadsiz va qo‘rqoq odam. Yutqazdingmi, buni tan olib: “Meyvezer, sen mendan kuchliroq eding”, deb aytishi kerak edi”, dedi bokschi.   

Pakyaoning jangdan keyingi matbuot anjumanida u yelkasi jarohati bilan jang qilgani, bu esa uning harakatlarini cheklagani haqida aytgan so‘zlari Meyvezer noroziligiga sabab bo‘ldi. Biroq shunga qaramasdan, filippinlik bokschi yelka jarohatini o‘z mag‘lubiyatining asosiy sababi deb aytmadi. 

«Uzrlar, uzrlar, uzrlar. Men ularni hisobga olmayman va odamlar unga aldanib qolishlarini istamayman. U yutqazganini biladi. Bundan keyin mening unga bo‘lgan hurmatim yo‘qoldi”, deb aytdi Meyvezer.

6 mayda Pakyao yelkasini operatsiya qildirdi. Endi u 9-12 oydan keyin ringga chiqa olishi mumkin. Bundan tashqari, Pakyao yelkasidagi jarohatni yashirgani uchun bokschilik faoliyatidan chetlashtirilishi mumkin. 

Qoidalarga ko‘ra, Pakyao jangdan oldin jarohati haqida ma'lum qilishi kerak bo‘lgan, biroq u buni Nevada atletika komissiyasidan yashirgan. Komissiya barcha tafsilotlarni o‘rganib chiqqandan keyin Pakyaoni jazolash haqida qaror qabul qiladi. 

Pakyao promouteri bokschining jarohati haqida AQSh antidoping agentligiga (USADA) xabar bergani va jang oldidan bir doza og‘riqsizlantiruvchi dori qabul qilishga ruxsat olgani ta'kidlamoqda. Biroq shunga qaramasdan Pakyao jazolanishi muqarrar, chunki u jarohati haqida nafaqat USADA ni, balki Atletika komissiyasini ham xabardor etishi kerak edi.   

“Asr jangi” deb nom olgan Meyvezer va Pakyao o‘rtasidagi jang Las-Vegasda 2 maydan 3 mayga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tdi. Meyvezer hakamlarning bir ovozdan qabul qilgan qarori bilan ochkolar bo‘yicha jangni yutib, o‘zida WBA (Super), WBC va WBO talqini bo‘yicha jahon chempioni unvonlarini birlashtira oldi. Bundan tashqari, Meyvezer vazn toifasidan qat'iy nazar jahonning eng yaxshi bokschisi unvonini oldi.

Bokschilarning umumiy gonorari 250 mln dollarni tashkil qildi, jangni translyatsiya qilish huquqini 53 ta davlat sotib oldi. Jang tashkilotchilari jangdan 500 mln dollar ishlab olishni rejalashtirishgan.  

Top